Jorjina Rodriges to‘yida 70 mln dollarlik taqinchoqlar taqdi

18-avgust 2026 11:23 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Kollaj: Mashable ME

Jorjina Rodriges va Krishtianu Ronaldu 11-avgust kuni Portugaliyaning Kaskays shahridagi uyida kam sonli mehmonlar ishtirokida turmush qurdi. Marosim soddaligi bilan ajralib turgan bo‘lsa-da, kelinning taqinchoqlari alohida e’tibor tortdi: Marca ularning umumiy qiymatini qariyb $70 mln deb baholamoqda.

Juftlik dabdabali mehmonxona yoki tarixiy saroy o‘rniga o‘z oilasi uchun muhim bo‘lgan joy – Kaskaysdagi yozgi uyining mehmonxonasini tanladi. Vogue ma’lumotiga ko‘ra, 11-avgust sanasi ham tasodifiy emas: marosim Ronaldu va Rodriges ilk bor Madriddagi Gucci do‘konida uchrashganiga roppa-rosa o‘n yil to‘lgan kunda o‘tkazilgan.

Asosiy e’tibor $50 mlnlik brilliant marjonga qaratildi

Jorjinaning to‘y obrazidagi eng qimmat detal Chopard’ning Garden of Kalahari kolleksiyasiga mansub brilliant taqinchoqlar bo‘ldi.

Foto: Vogue

Page Six ma’lumotiga ko‘ra, kolleksiyaning markaziy qismi 50 karatli, rang bo‘yicha eng yuqori D toifasiga mansub va ichki nuqsonsiz brilliant o‘rnatilgan marjon bo‘lgan. Taqinchoqda bundan tashqari yana 146 karatdan ortiq brilliantlar ishlatilgan. Ushbu marjonning o‘zi va unga mos boshqa taqinchoqlar qiymati $50 mln dan ortiq deb baholanmoqda.

InStyle esa Rodriges to‘y kuni jami qariyb 250 karatlik brilliant taqinchoqlar taqqanini yozdi. Ular orasida 25 karatli nok shaklidagi va 26 karatli yurak shaklidagi toshlardan tayyorlangan sirg‘alar ham bo‘lgan.

Garden of Kalahari kolleksiyasining asosini Botsvanada topilgan 342 karatli noyob Queen of Kalahari brilliantidan kesib olingan toshlar tashkil qiladi. Ushbu olmosdan bir nechta yuqori sifatli yirik brilliantlar yaratilgan.

Marjonni avval Beyonse ham taqqan

Foto: Instagram/ Vogue

Jorjinaning to‘yidagi asosiy marjon ilgari amerikalik xonanda Beyonse tomonidan ham ommaviy tadbirda taqilgan. Page Six ma’lumotiga ko‘ra, gap aynan Chopard’ning Garden of Kalahari kolleksiyasidagi 50 karatli markaziy brilliantga ega taqinchoq haqida bormoqda.

Rodriges to‘y obraziga boshqa qimmatbaho buyumlarni ham qo‘shgan. Ular orasida zumrad uslubida qirqilgan brilliantli bilaguzuk, yirik uzuklar va Ronaldu unga unashtiruv vaqtida sovg‘a qilgan brilliant uzuk ham bor edi.

Ronaldu 2025-yil avgustida Rodrigesga turmush qurishni taklif qilgan. Mutaxassislarning turli baholariga ko‘ra, uning oval shakldagi unashtiruv uzugi taxminan 30 – 35 karat bo‘lib, qiymati $5 mln gacha yetishi mumkin.

Shu sabab turli OAVda Jorjinaning to‘y kuni taqqan barcha qimmatbaho buyumlarining umumiy qiymati turlicha hisoblanmoqda. Marca bu summani qariyb $70 mln deb ko‘rsatgan bo‘lsa, Page Six va InStyle asosiy Chopard brilliantlari qiymatini taxminan $50 mln deb baholagan.

Jorjina oq Gucci libosini tanladi

Qimmatbaho taqinchoqlarga qaramay, Rodriges an’anaviy katta kelinlik libosidan voz kechdi. Vogue ma’lumotiga ko‘ra, u Gucci tomonidan maxsus tayyorlangan oq ipakdan tikilgan ikki qismli obrazni tanlagan. Ronaldu ham shu brendning maxsus tikilgan och bej rangdagi kostyumida bo‘lgan.

Gucci tanlovi juftlik uchun ramziy ma’noga ega. Ular 2016-yilda Madridda Jorjina ishlagan Gucci do‘konida tanishgan. To‘y sanasi esa ularning ilk uchrashuvining o‘n yilligiga to‘g‘ri kelgan.

Nega ular katta to‘ydan voz kechdi?

Jorjina avvalroq bolaligida ulkan saroy, uzun kelinlik libosi va brilliant toj bilan katta to‘y qilishni tasavvur etganini aytgan. Biroq yillar o‘tishi bilan uning istagi o‘zgargan: u Ronaldu va bolalari bilan uyda o‘tadigan shaxsiy marosimni afzal ko‘rgan. Vogue’ga ko‘ra, aynan oilaviy maxfiylik juftlik uchun katta dabdabadan ko‘ra qadrliroq bo‘lgan.

Marosim ularning oilasi odatda birgalikda nonushta, tushlik va kechki ovqat qiladigan xonada o‘tkazilgan. Juftlikning farzandlari ham marosimda qatnashgan.

Shunga qaramay, bu ularning yagona to‘y marosimi bo‘lib qolmasligi mumkin. Rodriges kelajakda qarindoshlar va do‘stlar ishtirokida kattaroq bayram tashkil etish ehtimolini istisno qilmagan.

Avvalroq «Kursiv» Jorjina Ronaldu bilan ajrashsa nimalarga ega bo‘lishi haqida yozgan edi.

Shuningdek