NASA Oyda harakatlanadigan yangi g‘ildiraklarni sinovdan o‘tkazdi

eʼlon qilindi
Ular astronavtlar va robotlarning murakkab relyefda uzoq masofalarga harakatlanishini ta’minlashga mo‘ljallangan
NASA Oyda harakatlanadigan yangi g‘ildiraklarni sinovdan o‘tkazdi
Foto: Reuters

NASA kelajakda Oy yuzasida foydalaniladigan transport vositalari uchun yangi avlod g‘ildiraklarini sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda kompaniya saytida ma’lum qilindi.

Ular astronavtlar va robotlarning murakkab relyefda uzoq masofalarga harakatlanishini ta’minlashga mo‘ljallangan.

Sinovlar NASA’ning Rock and Roll with NASA Challenge tanlovi doirasida o‘tkazildi. Tanlovdan maqsad Oy sharoitlariga mos, yengil, mustahkam va uzoq muddat xizmat qiladigan yangi g‘ildirak konstruksiyalarini yaratishdan iborat.

Tanlovga 49 davlatdan 128 ta loyiha kelib tushdi

NASA e’lon qilgan tanlovda dunyoning 49 davlatidan ixtirochilar ishtirok etdi. Jami 128 ta loyiha taqdim etildi va ulardan beshtasi final bosqichiga yo‘l oldi.

Finalchilar 31-iyul kuni AQShning Xyuston shahridagi Jonson kosmik markazida o‘z prototiplarini amaliy sinovdan o‘tkazdi.

Tajriba davomida g‘ildiraklar Oy yuzasiga o‘xshash murakkab relyefga ega Rock Yard poligonida tekshirildi.

G‘ildiraklar 45 kilogrammli roverda sinaldi

Yangi ishlanmalarni tekshirish uchun 45 kilogramm og‘irlikdagi MicroChariot sinov roveridan foydalanildi.

Muhandislar turli relyeflarda g‘ildiraklarning barqarorligi, to‘siqlardan o‘tish qobiliyati va yer bilan ilashish darajasini baholadi.

Oy yuzasida yo‘llar mavjud emasligi sababli transport vositalari toshlar, chuqurliklar, qiyaliklar va yumshoq regolit qatlamlari orqali harakatlana olishi kerak. Shu sabab g‘ildiraklar nafaqat mustahkam, balki zarbalarni yumshata oladigan va notekis yuzalarda tortish kuchini saqlaydigan konstruksiyaga ega bo‘lishi talab etiladi.

Oy sharoiti g‘ildiraklar uchun alohida talab qo‘yadi

NASA muhandislarining ta’kidlashicha, kelajakdagi Oy transporti uchun yagona universal g‘ildirak yetarli bo‘lmasligi mumkin.

Turli vazifalar uchun mo‘ljallangan transport vositalarida tezlik, yuk ko‘tarish qobiliyati, mustahkamlik va yo‘lsiz hududlardan o‘tish imkoniyatining turli nisbatlari talab qilinadi.

Masalan, astronavtlarni tashiydigan rover bilan og‘ir uskunalarni olib yuradigan robot transportining texnik talablari bir-biridan farq qiladi.

Keyingi bosqichda Oy changi va ekstremal harorat sinovlari o‘tkazilishi mumkin

Finalga chiqqan g‘ildiraklar kelgusida yanada murakkab sharoitlarda sinovdan o‘tkazilishi kutilmoqda.

Xususan, ularning Oy changiga, vakuumga va keskin harorat o‘zgarishlariga chidamliligi tekshirilishi mumkin. Bundan tashqari, prototiplarni uzoq masofalarda va turli yuklamalar ostida sinash rejalashtirilishi mumkin.

Oy yuzasidagi mayda chang mexanik qismlar uchun jiddiy muammo hisoblanadi. U g‘ildirak va harakatlanuvchi detallar orasiga kirib, ularning tezroq eskirishiga olib kelishi mumkin.

NASA Oyda uzoq muddatli faoliyatga tayyorlanmoqda

Yangi g‘ildiraklarni ishlab chiqish NASA’ning Oyda uzoq muddat faoliyat yuritish rejalari bilan bog‘liq.

Kelajakda astronavtlar va robotlar qo‘nish hududidan ancha uzoqqa borishi, ilmiy uskunalarni tashishi va Oy infratuzilmasini qurishda ishtirok etishi kerak bo‘ladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri NASA Oy uchun $220 mlnlik elektromobillarni tanlagani haqida yozgan edi.

Shuningdek