
OnePlus 12 smartfonlari egalari qurilmalarning to‘satdan ishlamay qolishi va ona plata bilan bog‘liq nosozliklar haqida tobora ko‘proq xabar bermoqda. Ayrim foydalanuvchilar muammo dasturiy ta’minot yangilangandan keyin yuzaga kelganini aytmoqda.
Muammoga texnologiyalar bo‘yicha insayder Abhishek Yadav ham e’tibor qaratdi. U X ijtimoiy tarmog‘ida OnePlus 12 smartfonlaridagi ona plata nosozligi bilan bog‘liq holatlar ko‘payayotganini ma’lum qilib, kompaniya vaziyatga munosabat bildirmaguncha foydalanuvchilarga yangi yangilanishlarni o‘rnatishga shoshilmaslikni tavsiya qildi.
Smartfonlar yangilanishdan keyin ishlamay qolayotgani aytilmoqda
Foydalanuvchilarning shikoyatlarida o‘xshash holatlar uchramoqda. Ayrim OnePlus 12 egalari dasturiy ta’minotni yangilagach telefon butunlay o‘chib qolgani va qayta ishga tushmaganini bildirgan.
🚨 OnePlus 12 Motherboard Issue Reports Are Increasing!
— Ashok Mor (@_techibee) August 15, 2026
We’re seeing more and more OnePlus 12 users reporting sudden motherboard failures / «dead» devices, with some incidents allegedly happening after software updates.
If you’ve faced this issue, please share👇
• What… pic.twitter.com/cPNTYRUBNh
OnePlus’ning rasmiy hamjamiyatida ham shunga o‘xshash murojaatlar mavjud. Masalan, foydalanuvchilardan biri 16/512 GB xotirali OnePlus 12 qurilmasi odatiy foydalanish vaqtida to‘satdan ishlamay qolganini yozgan. Boshqa murojaatda esa servis markazida tekshiruvdan so‘ng ona platani almashtirish zarurligi aytilgani qayd etilgan.
Yana bir foydalanuvchi yangilanishni o‘rnatganidan keyin telefon ishlamay qolgani va servis markazi ona plata nosozligini aniqlaganini bildirgan.
Shu bilan birga, bu murojaatlar foydalanuvchilarning individual tajribalariga asoslangan. Hozircha barcha OnePlus 12 qurilmalariga ta’sir qiladigan ommaviy nosozlik mavjudligi yoki aynan OxygenOS yangilanishi ona plata ishdan chiqishiga sabab bo‘layotgani ishlab chiqaruvchi tomonidan tasdiqlanmagan.
OnePlus 12R egalari ham muammolar haqida yozmoqda
IXBT keltirgan foydalanuvchi izohlariga ko‘ra, muammo faqat OnePlus 12 bilan cheklanmasligi mumkin.
OnePlus 12R egalaridan biri qurilmada avval ekran miltillay boshlagani, keyinchalik esa displey butunlay o‘chib qolganini bildirgan. Servis markazida ekran almashtirilganidan keyin ham muammo takrorlangan. Mutaxassislar bunday holat davom etsa, sabab ona platada bo‘lishi mumkinligini aytgan.
Boshqa foydalanuvchilar esa qurilmaning noodatiy qizishi, ish faoliyatidagi beqarorlik va smartfonning butunlay o‘chib qolishi haqida xabar bermoqda. OnePlus 12 egalari o‘rtasidagi muhokamalarda so‘nggi yangilanishlardan keyin shunday holatlarga duch kelganlar ham mavjud.
Muammo qanchalik keng tarqalgani hozircha noma’lum
Hozircha nosozlik kuzatilgan OnePlus 12 qurilmalarining aniq soni ochiqlanmagan. OnePlus Community’da foydalanuvchilar bunday holatlarni jamlayotgan alohida muhokama ham ochilgan va unda o‘nlab shikoyatlar to‘plangan.
Shu sabab hozirgi ma’lumotlardan kelib chiqib, OnePlus 12’ning barcha egalari xavf ostida ekanini aytish uchun yetarli asos yo‘q. Ayrim foydalanuvchilar eng yangi OxygenOS versiyalarida ham qurilmadan muammosiz foydalanayotganini bildirmoqda.
Eng muhim savol – dasturiy ta’minot yangilanishi va ona plata nosozligi o‘rtasida bevosita bog‘liqlik mavjudmi – hozircha ochiq qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri OnePlus 16 yangi X4 displey materiali bilan chiqishi mumkinligi haqida yozgan edi.