O‘zbekistonda eksportchilar uchun yangi yangilliklar joriy etiladi

O‘zbekistonda eksport qiluvchi tadbirkorlarni yangi bozorlarga olib chiqish uchun «eksport elchilari» tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, eksportda muddati o‘tgan qarzdorlik, oldindan to‘lov va valyuta tushumini qaytarish muddatlari bo‘yicha bir qator yengilliklar beriladi. Bu haqda prezident tadbirkorlar bilan muloqot davomida ma’lum qildi.
25 ta davlatda «eksport elchilari» ishlaydi
Eksportning 60 foizi to‘g‘ri kelayotgan 20 ta davlat hamda eksport salohiyati yuqori bo‘lgan yana beshta mamlakatda «eksport elchilari» faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Ularni davlat organlari emas, balki aynan shu bozorlarga eng ko‘p mahsulot eksport qilayotgan tadbirkorlarning o‘zi saylaydi.
«Eksport elchilari» mahalliy biznes vakillariga xorijdagi savdo tarmoqlari bilan ishlash, mahsulotlarni sertifikatlash, marketing va bozorga kirish bilan bog‘liq masalalarda yordam beradi.
Ularning xorijga borib-kelish va yashash xarajatlari ham qoplab beriladi.
Davlat rahbari elchilarga yangi imkoniyat va bozor paydo bo‘lgan joyga tadbirkorlarni birinchilardan bo‘lib olib kirish vazifasini qo‘ydi.
Eksportdagi qarzdorlik bo‘yicha yangi tartib joriy qilinadi
Eksport operatsiyalarida muddati o‘tgan debitor qarzdorlik bilan bog‘liq muammolarni kamaytirish uchun ham yangi mexanizm joriy etiladi.
Yil yakuniga qadar eksportchi korxona qarzdorlik miqdoriga teng valyutani o‘zining bank hisobvarag‘iga joylashtirsa, ushbu mablag‘ eksport tushumi sifatida hisobga olinadi.
Bu eksportchilar uchun muddati o‘tgan qarzdorlik sabab yuzaga keladigan cheklovlarni kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Tovar uchun to‘lov kelmasa ham eksportga cheklov qo‘yilmaydi
Yana bir muhim o‘zgarish eksport qilinayotgan mahsulot uchun to‘lov hali kelib tushmagan holatlarga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, tovar uchun pul kelmagan bo‘lsa ham eksportni cheklash amaliyoti bekor qilinadi. Shuningdek, eksport invoyslarida mahsulot qiymatining kamida 50 foizini oldindan to‘lash talabi olib tashlanadi.
Bu o‘zgarishlar tadbirkorlarga xorijiy xaridorlar bilan moslashuvchanroq hisob-kitob shartlari asosida ishlash imkonini beradi.
Valyuta tushumini qaytarish muddati bir yilgacha uzaytiriladi
Savdo uylari va distribyutorlar orqali eksport qilinadigan mahsulotlar uchun valyuta tushumini mamlakatga qaytarish muddati ham uzaytiriladi.
Amaldagi 180 kunlik muddat 365 kungacha oshiriladi.
Natijada eksportchilar xorijiy bozorlarda tovarni sotish, distribyutorlar bilan hisob-kitob qilish va tushumni qaytarish uchun ko‘proq vaqtga ega bo‘ladi.
Avvalroq «Kursiv» yangi tadbirkorlarga 200 mlngacha garovsiz kredit berilishi haqida yozgan edi.