Trampning reytingi rekord darajada pasayib, 33 foizga tushdi

eʼlon qilindi
Trampning reytingi rekord darajada pasayib, 33 foizga tushdi
Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp faoliyatini ma’qullaydigan amerikaliklar ulushi 33 foizga kamaydi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Reuters/Ipsos tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, amerikaliklarning 33 foizi Trampning prezident sifatidagi faoliyatini ma’qullagan, 64 foizi esa undan norozi ekanini bildirgan. Avvalgi Reuters/Ipsos tadqiqotida prezidentning reytingi 35 foiz edi.

Hozirgi ko‘rsatkich Trampning nafaqat ikkinchi prezidentlik muddatidagi minimumi, balki uning birinchi muddatida qayd etilgan eng past natijaga ham teng. 2017-yil dekabrida ham Tramp faoliyatini amerikaliklarning 33 foizi ma’qullagan edi.

Eron bilan urush Tramp reytingiga bosim qilmoqda

Reuters prezidentning ommaviy qo‘llab-quvvatlashi pasayishining muhim omillaridan biri sifatida AQShning Eron bilan uzoq davom etayotgan urushini ko‘rsatmoqda.

Mojaro global neft bozoriga ta’sir qilib, energiya narxlarini oshirdi. Bu esa AQShdagi benzin narxlari va umuman, yashash xarajatlarining ko‘tarilishiga olib kelib, amerikalik uy xo‘jaliklariga qo‘shimcha bosim yaratmoqda.

So‘rovda qatnashganlarning qariyb 80 foizi AQShning Eron bilan urushi hali uzoq davom etadi, deb hisoblaydi. Bunday fikrni demokratlarning 87 foizi va respublikachilarning 71 foizi bildirgan. Faqat 16 foiz respondent mojaro bir necha hafta ichida yakunlanishini kutmoqda.

Bu kayfiyat Trampning saylovoldi va’dalari fonida, ayniqsa, sezilarli. U 2024-yilgi prezidentlik kampaniyasida AQShni uzoq va qimmatga tushadigan xorijiy urushlardan chetda saqlash hamda inflyatsiyani pasaytirishga va’da bergan edi.

Har besh amerikalikdan bittasi urush xarajatlarini oqlaydi

Tramp Eron bilan qarama-qarshilik sabab yuzaga kelayotgan yoqilg‘i narxlaridagi o‘sishni Tehronning yadroviy qurolga ega bo‘lishining oldini olish uchun to‘lanayotgan zarur narx sifatida himoya qilib kelmoqda.

Biroq Reuters/Ipsos so‘roviga ko‘ra, amerikaliklarning atigi beshdan bir qismi urush uning xarajatlari va oqibatlariga arziydi, deb hisoblaydi. Respublikachilar orasida ham bunday fikrni respondentlarning taxminan yarmi qo‘llab-quvvatlagan.

Iyul oxiridagi Reuters/Ipsos tadqiqotida ham Eron bilan urushni amerikaliklarning atigi uchdan bir qismi qo‘llab-quvvatlagan edi. O‘sha paytda respondentlarning katta qismi Tramp AQShning mojarodagi maqsadlarini yetarlicha tushuntirib bera olmaganini bildirgan.

Demokratlar iqtisodiyot masalasida oldinga chiqdi

Yashash xarajatlarining oshishi AQShdagi partiyalar reytingiga ham ta’sir qilmoqda. Yangi so‘rovga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tgan saylovchilarning 38 foizi Demokratik partiya iqtisodiy siyosatni yaxshiroq yurita oladi, deb hisoblaydi. Respublikachilarga bu masalada 35 foiz respondent ishonch bildirgan.

Avgust boshidagi Reuters/Ipsos tadqiqotida ham demokratlar iqtisodiyot masalasida respublikachilarni ortda qoldirgan edi. O‘shanda nisbat 37 foizga 36 foizni tashkil qilgan. Bu demokratlarning ushbu yo‘nalishda qariyb o‘n yil ichida ilk bor ustunlikka chiqishi sifatida baholangan.

Avvalroq Tramp AQSh va Janubiy Koreya harbiy mashg‘ulotlarini qisqartirishni buyurgandi.

Shuningdek