Turizm biznesiga yangi imtiyozlar: subsidiya, soliq va transport yengilliklari uzaytiriladi

eʼlon qilindi
Mehmonxonalar uchun $50 mln ajratiladi
Turizm biznesiga yangi imtiyozlar: subsidiya, soliq va transport yengilliklari uzaytiriladi
Foto: SI / Sapura Temirxanova

Mehmonxona va turizm biznesini qo‘llab-quvvatlash uchun yangi imtiyozlar beriladi. Mehmonxonalar uchun subsidiyalar va soliq yengilliklari uzaytiriladi, turistik transport olib kirishda bojxona hamda utilizatsiya yig‘imi bo‘yicha imtiyozlar saqlab qolinadi. Bu haqda prezidentning tadbirkorlar bilan muloqotida ma’lum qilindi.

Prezident turizm sohasidagi islohotlarning aholi daromadlariga ta’sirini yanada oshirish zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda mehmonxona biznesi, turoperatorlar va turistik transport bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga qo‘shimcha yengilliklar beriladi.

Mehmonxonalar uchun $50 mln ajratiladi

Mehmonxonalarni qurish, rekonstruksiyalash va jihozlash uchun $50 mln miqdorida resurs ajratiladi. Tadbirkorlarga ushbu mablag‘lar hisobidan 10 yil muddatga milliy valyutada yillik 16 foiz stavkada kredit beriladi.

Uch, to‘rt va besh yulduzli mehmonxonalar qurilishi uchun subsidiya berish muddati yana ikki yilga uzaytiriladi. Shuningdek, subsidiya olish uchun mehmonxonaning «yulduzi»ni tasdiqlashda xorijiy kompaniya xulosasini talab qilish tartibi bekor qilinadi.

Soliq imtiyozi 2030-yilgacha uzaytiriladi

Mehmonxonalar uchun yer va mol-mulk solig‘ini odatdagi stavkadan 10 baravar kam miqdorda to‘lash imtiyozi 2030-yilgacha amal qiladi.

Bundan tashqari, 50 tadan ortiq joylashtirish o‘rniga ega mehmonxonalarga naqd xorijiy valyutani qabul qiluvchi bankomatlarni tijorat banklarining o‘zi o‘rnatib beradi.

Turoperatorlar QQSdan ozod qilinadi

Turoperatorlarning xorijiy sayyohlarga ko‘rsatgan xizmatlari eksportga tenglashtiriladi. Natijada bunday xizmatlar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi.

Bu turistik kompaniyalarning xarajatlarini kamaytirish va xorijlik sayyohlar uchun yangi xizmatlar taklifini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Turistik transport uchun ham imtiyozlar saqlanadi

Turistik avtobus, elektrobus va mikroavtobuslarni O‘zbekistonga olib kirishda berilayotgan bojxona imtiyozi yana bir yilga uzaytiriladi. Shuningdek, bunday transport vositalari uchun utilizatsiya yig‘imi undirilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq oziq-ovqat eksporti uchun yagona «Salomatlik sertifikati» joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, tadbirkorlar uchun litsenziya va ruxsatnomalarni olish tartibi soddalashtiriladi.

Shuningdek