Yangi tadbirkorlarga 200 mlngacha garovsiz kredit beriladi

O‘zbekistonda biznesni endi boshlayotgan tadbirkorlar uchun 200 mln so‘mgacha garovsiz kredit berish tizimi joriy etiladi. Buning uchun «Biznes start» dasturiga 100 mlrd so‘m ajratiladi. Bu haqda 18 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan muloqotda ma’lum qildi.
Yangi tizim tadbirkorni biznesning dastlabki bosqichidan boshlab keyingi o‘sishigacha qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.
Kreditni onlayn olish imkoniyati yaratiladi
Yaqinda «Kredit xizmatlari yagona raqamli portali» ishga tushirilgan. U orqali tadbirkor bitta ariza topshiradi, banklar esa mijoz uchun o‘zaro raqobat qiladi.
Biznesini endi boshlayotganlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, kichik biznesning banklar kredit portfelidagi ulushi 45 foizdan 63 foizgacha oshgan. 2026 yilning birinchi yarmida kichik va o‘rta biznesga 76,5 trln so‘m resurs ajratilgan.
Biznes uchun uchta yangi dastur
Tadbirkorlikning turli bosqichlari uchun uchta dastur joriy etiladi:
- «Biznes start» – yangi tadbirkorlar uchun;
- «Biznes lift» – ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganlar uchun;
- «Biznes yuksalish» – yangi o‘sish bosqichiga chiqayotgan bizneslar uchun.
- «Biznes start» doirasida tadbirkorlar sun’iy intellekt yordamida loyiha tayyorlash, kredit hujjatlarini rasmiylashtirish va hisobot yuritishni o‘rganadi.
Prezident tadbirkorlarni faqat kredit bilan ta’minlash emas, balki ularni biznesni boshlashdan katta korxonaga aylanguniga qadar kompleks qo‘llab-quvvatlash tizimi yaratilishini ta’kidladi.
$27 mlrdlik loyihalar boshlanadi
Shuningdek, 2026 yilda umumiy qiymati $27 mlrd bo‘lgan 105 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasi boshlanishi ma’lum qilindi.
Ular qatoridan Jizzaxdagi atom elektr stansiyasi, Olmaliqdagi to‘rtinchi mis boyitish fabrikasi, «Toshkent – Samarqand» va «Toshkent – Andijon» avtomobil yo‘llari, Xorazmdagi ekologik aviayoqilg‘i majmuasi hamda Yuqori Chirchiqdagi Yangi Toshkent aeroporti o‘rin olgan.
Kelgusi yilda Toshkent xalqaro moliya markazi va «Enterprise Uzbekistan» xalqaro raqamli texnologiyalar markazi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Ular orqali $20 – 25 mlrd kapital, yangi bilim va texnologiyalarni jalb qilish imkoniyati yaratiladi.
Avvalroq O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilning birinchi yarim yilligida 8,5 foizga o‘sgani haqida xabar berilgandi.