Yangi Tesla Model Y egalarining hafsalasi pir bo‘ldi

18-avgust 2026 11:59 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Yangi Tesla Model Y egalarining hafsalasi pir bo‘ldi
Foto: Tesla

Yangi Tesla Model Y modelining ayrim 2026-yilda ishlab chiqarilgan avtomobillari yangi V2L adapteri bilan mos kelmayapti. Bu haqda Teslarati xabar bermoqda.

Muammo $80 turadigan aksessuarning o‘zida emas, balki elektromobilda o‘rnatilgan quvvatni o‘zgartirish tizimi – PCS konfiguratsiyasida ekani ma’lum bo‘ldi.

V2L texnologiyasi elektromobil akkumulyatoridan tashqi qurilmalarni quvvatlantirish uchun foydalanish imkonini beradi. U orqali noutbuk, maishiy texnika, elektr gril va boshqa qurilmalarni avtomobilga ulash mumkin.

Muammo ayrim yangi Model Y’larda ham uchramoqda

Tesla’ning V2L adapteri ishlashi uchun avtomobilda PCS tizimining yangi ikki komponentli versiyasi bo‘lishi kerak.

Biroq ayrim Model Y avtomobillarida, jumladan 2026-yilda ishlab chiqarilgan mashinalarda ham, avvalgi 48 amperli bir fazali PCS tizimi saqlanib qolgan. Shu sabab ushbu avtomobillar yangi adapter bilan ishlamaydi.

Ayrim egalar Tesla akkaunti orqali V2L adapterini buyurtma qilishga uringanda avtomobil aksessuar bilan mos emasligi haqida ogohlantirish olgan.

Dastlab foydalanuvchilarning ayrimlari buni tizimdagi xato deb o‘ylagan. Keyinchalik esa muammo aynan avtomobilning apparat konfiguratsiyasi bilan bog‘liqligi aniqlangan.

Modernizatsiya $1 750 dan ham qimmatga tushadi

Nazariy jihatdan eski PCS tizimini yangi versiyaga almashtirish mumkin. Biroq buning uchun zarur ehtiyot qismlar qiymatining o‘zi qariyb $1 750 ni tashkil qiladi.

Bunga servis markazidagi o‘rnatish ishlari uchun to‘lov ham qo‘shiladi. Natijada $80 turadigan V2L adapteridan foydalanish uchun avtomobilni modernizatsiya qilish xarajati aksessuarning o‘zidan bir necha o‘n baravar qimmatga tushishi mumkin.

Shu sabab ayrim Model Y egalari uchun alohida portativ elektr stansiyasi xarid qilish iqtisodiy jihatdan ma’qulroq variant bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Tesla va SpaceX 16,8 mlrd dollarlik chip zavodi qurishi haqida yozgan edi.

Shuningdek