Abituriyentlarga o‘z o‘rni va to‘liq ro‘yxatni ko‘rishi imkoniyati yaratildi

Abituriyentlar endi mandat.uzbmb.uz sayti orqali tanlagan OTM va yo‘nalish bo‘yicha abituriyentlarning to‘liq ro‘yxatini, to‘plagan ballarini hamda egallagan o‘rnini ko‘rishi mumkin.
Buning uchun mandat.uzbmb.uz saytiga kirib, «Kengaytirilgan qidiruv» bo‘limini tanlash kerak.
U yerda hudud, oliy ta’lim muassasasi, ta’lim yo‘nalishi, ta’lim tili va ta’lim shakli ko‘rsatiladi.

Qidiruv natijasida abituriyentlarning ro‘yxati, ularning to‘plagan ballari va davlat granti yoki boshqa yo‘nalish bo‘yicha holati aks etadi.
Bu imkoniyat abituriyentlarga o‘z natijasini boshqa talabgorlar bilan solishtirish va tanlagan yo‘nalishdagi o‘rnini ko‘rishga yordam beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda milliy sertifikatga ega abituriyentlarga maksimal ball berish tizimi qayta ko‘rib chiqilayotgani haqida xabar berilgandi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Bilim va malakalarni baholash agentligi bilan birgalikda amaldagi tartibning qanchalik to‘g‘ri ekanini, jumladan, bir o‘ringa yuqori ball to‘plagan abituriyentlar ko‘p jamlanishi bilan bog‘liq holatlarni tahlil qilmoqda.