Chevrolet Onix yoki Tracker: qaysi birini tanlagan ma’qul

19-avgust 2026 08:00 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Onix yoki Tracker: qaysi birini tanlagan ma’qul
Foto: Chevrolet

O‘zbekistonda yangi Chevrolet xarid qilishni rejalashtirayotgan haydovchi oldida Chevrolet Onix va Tracker orasidagi tanlov tez-tez paydo bo‘ladi. Kursiv Uzbekistan ikki modelning texnik imkoniyatlari va qulayliklarini taqqosladi.

Maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:

Texnik imkoniyatlar: dvigatellar o‘xshash, xarakter boshqa

Onix va Tracker o‘rtasidagi eng qiziq jihatlardan biri shundaki, ularning ayrim versiyalaridagi dvigatellar quvvati deyarli bir xil. Onix O‘zbekistonda 1,2 litrli atmosfera va 1,2 litrli turbo dvigatellar bilan taklif etiladi. Atmosfera motori 90 ot kuchi va 115 Nm aylantiruvchi moment beradi hamda besh pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan ishlaydi. Turbo versiyada esa quvvat 132 ot kuchiga, aylantiruvchi moment 190 Nm gacha oshadi va olti pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi qo‘llanadi.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Tracker’da ham 1,2 litrli turbo dvigatel o‘rnatilgan. U 132 ot kuchiga ega va olti pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi bilan juftlangan. Demak, turbo Onix va Tracker’ni faqat motor quvvatiga qarab tanlash qiyin: asosiy farq kuzov, massa, klirens va avtomobilning qanday vazifaga moslashtirilganida.

Ekspert nima deydi

Avtomobillar bo‘yicha ekspert Komil Sulaymonov ham aynan shu jihatga e’tibor qaratadi. Uning fikricha, Onix va Tracker’ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bir klassdagi avtomobillar sifatida qabul qilish to‘g‘ri emas.

«Onix va Tracker — turli klassdagi avtomobillar. Onix ixchamroq, yengilroq va arzonroq, Tracker esa krossover — u balandroq, kengroq va oila hamda shahardan tashqariga safarlar uchun yaxshiroq mos keladi. Onix kundalik ekspluatatsiyada sodda va arzonroq, Tracker esa sig‘imi va klirensi bo‘yicha yutadi», — deydi Sulaymonov.

Bu farq avtomobil xarakterida ham seziladi. Onix yengil kuzov va pastroq o‘tirish hisobiga shahar ko‘chalarida chaqqonroq. Tracker esa haydovchiga balandroq o‘tirish holatini beradi va notekis yo‘ldan o‘tishda ko‘proq imkoniyat yaratadi.

Foto: Chevrolet

Onix’ning rasmiy texnik ma’lumotlarida klirens 136 mm deb ko‘rsatilgan. Automotive Exhibition korxonasi art-direktori Aziz Sayidov Tracker’ning asosiy afzalliklaridan biri ham aynan uning balandroq ekanini qayd etadi.

«Eng katta farqi kuzov turlarida: sedan va krossover. Tracker’da klirens baland va yon atrofni ko‘rish qulayroq. Motorlari deyarli bir xil. Narx jihatdan Onix arzonroq. Shahar uchun mos, lekin Tracker notekisliklar va past-balandliklarni o‘tishda Onix’dan ustunroq», — deydi Sayidov.

Dizayn va o‘lchamlar: Tracker har tomonlama kattaroq emas

Tracker krossover bo‘lgani uchun uni Onix’dan uzunroq avtomobil deb tasavvur qilish oson. Raqamlar esa buning aksini ko‘rsatadi. Onix uzunligi 4 474 mm, kengligi 1 746 mm, balandligi esa komplektatsiyaga qarab 1 470–1 474 mm ni tashkil qiladi. G‘ildirak bazasi 2 600 mm.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Aziz Sayidov ikki avtomobil o‘lchamlari o‘rtasidagi noodatiy farqqa e’tibor qaratgan.

«Tracker 20 sm kaltaroq, lekin 6 sm kengroq. Bu jihatdan avtoturargohdagi joylashuvda ayrim yengillik va qiyinchiliklar bo’lishlari mumkin», — deydi ekspert.

Bu haydovchiga qiziq kompromiss beradi. Tracker’ning qisqaroq kuzovi parallel yoki old-orqa masofa chegaralangan parkovkada yordam berishi mumkin. Biroq kuzovning kengligi tor avtoturargohda yoki ikki avtomobil orasiga kirishda seziladi. Onix esa uzunroq, lekin nisbatan tor sedan.

Qaysi chiroyli

Dizayn masalasida ham ikki modelning yondashuvi boshqa. Onix klassik uch hajmli sedan siluetiga ega. Chevrolet uning tashqi ko‘rinishida LED elementlar, proyeksiya tipidagi faralar va ayrim komplektatsiyalarda 16 dyuymli disklarni taklif qiladi. Yuqori komplektatsiyalarda elektron lyuk, kalitsiz kirish, kruiz nazorati, 8 dyuymli multimedia va boshqa opsiyalar ham mavjud.

Tracker esa balandroq kuzov, tom reylinglari, krossoverga xos proporsiyalar va yuqori komplektatsiyalarda panoramali lyuk bilan ajralib turadi. Premier Plus va Redline versiyalarida ko‘r nuqtalarni kuzatish tizimi, kruiz nazorati, old to‘xtash sensorlari, yarim avtomatik parkovka va past tezlikda avtomatik tormozlash kabi funksiyalar mavjud.

Oilaviy foydalanishda kuzovning ichki transformatsiyasi ham ahamiyatli. Tracker krossover formati sabab katta yoki noodatiy shakldagi yuklarni joylashtirishda qulayroq. Onix esa klassik sedan bo‘lsa-da, 469 litrli yukxonaga ega.

Foto: Chevrolet

Komil Sulaymonov Tracker’ning aynan oilaviy avtomobil sifatidagi tomonini kuchliroq deb hisoblaydi.

«Agar oilaviy avtomobil, ko‘proq joy, yuqori o‘tirish holati va shahardan tashqariga tez-tez safar qilish kerak bo‘lsa, Tracker mosroq variant. Agar odam asosan shaharda bir o‘zi yoki ikki kishi bo‘lib yursa va ekspluatatsiyaga kamroq pul sarflashni istasa, Onix’ni tavsiya qilardim», — deydi ekspert.

Shu bois dizayn tanlovi faqat tashqi ko‘rinishga borib taqalmaydi. Tracker xaridor qo‘shimcha pul evaziga krossoverning o‘tirish holati va universalligini oladi. Onix esa sedan kuzovida yetarlicha katta salon va yukxona taklif qilgan holda avtomobil narxini pastroq ushlab qoladi.

Foydalanish xarajatlari: Onix qayerda tejash imkonini beradi

Foto: Chevrolet

Avtomobil narxi xarajatning faqat bir qismi. Xariddan keyin yonilg‘i, moy, filtrlar, shinalar, tormoz detallari, servis va ehtiyot qismlar uchun muntazam pul sarflanadi. Shu sabab uzoq muddatga avtomobil olayotgan xaridor uchun ekspluatatsiya narxi ham muhim.

Komil Sulaymonovning fikricha, bu borada Onix foydaliroq.

«Xarajatlar bo‘yicha Onix ham foydaliroq bo‘ladi. Yonilg‘i sarfi kamroq, odatda sarf materiallari va ayrim ehtiyot qismlar ham arzonroq. Lekin ikkala avtomobilda ham moy, filtr va boshqa sarf materiallaridan tejashni maslahat bermayman. Ayniqsa bizning sharoitda issiq, chang va tirbandlik avtomobilga qo‘shimcha yuklama beradi», — deydi u.

Tracker’ning kattaroq kuzovi va krossover formati ayrim ekspluatatsion xarajatlarni oshirishi mumkin. Shu bilan birga, turbo Onix va Tracker dvigatellarining asosiy ko‘rsatkichlari bir-biriga yaqin bo‘lgani sabab motor bilan bog‘liq rejalashtirilgan servis xarajatlari orasida keskin tafovut bo‘lishi shart emas.

Aziz Sayidov ham motorlar o‘xshashligi sabab xarajatlar keskin farq qilmaydi, deb hisoblaydi.

«Motorlar deyarli bir xilligini hisobga olsak, harajatlar ham juda yaqin», — deydi u.

Avtomobil egasi qanday ta’sir ko‘rsatadi

Haydovchining foydalanish uslubi katta rol o‘ynaydi. Agar yiliga katta masofa bosilsa, yonilg‘idagi hatto kichik tafovut ham yil yakunida sezilarli summaga aylanishi mumkin. Kam yuradigan, lekin yomonroq yo‘llardan foydalanadigan haydovchi uchun esa Tracker’ning balandroq klirensi shina yoki kuzovning pastki qismini shikastlash xavfini kamaytirishi mumkin.

Sulaymonov ikki modelning ishonchliligi o‘rtasida keskin chiziq chizmaydi.

«Ishonchlilik bo‘yicha men bu ikki modelni keskin ajratmagan bo‘lardim. Normal xizmat ko‘rsatilsa, ikkala avtomobil ham O‘zbekiston sharoitida uzoq vaqt ishlashi mumkin. Bu yerda ko‘proq egasiga bog‘liq: moy vaqtida almashtiriladimi, sovitish tizimi kuzatiladimi, sifatli yonilg‘i ishlatiladimi va kichik nosozliklar ortga surilmayaptimi», — deydi ekspert.

Yurish masofasi va yonilg‘i sarfi

Foto: Kursiv Uzbekistan

Yonilg‘i sarfi ikki modelni tanlashda eng ko‘p muhokama qilinadigan masalalardan biri. Chevrolet ma’lumotlariga ko‘ra, Onix’ning atmosfera dvigatelli versiyasida aralash sikldagi sarf 100 km ga 5,5 litr, turbo versiyada 6,5 litrni tashkil qiladi. Trassada esa mos ravishda 4,8 va 4,7 litr ko‘rsatilgan. Avtomobilning yonilg‘i baki 44 litr. Ishlab chiqaruvchi bu raqamlar ideal sharoitlarda olinganini va amaldagi sarf haydash uslubi, yo‘l hamda ob-havoga qarab o‘zgarishini alohida qayd etadi.

Nazariy hisobda atmosfera Onix 44 litrli bak bilan aralash siklda qariyb 800 km masofa bosib o‘tishi mumkin. Turbo Onix’da esa 6,5 litrli ko‘rsatkich bo‘yicha nazariy yurish zaxirasi 670 km atrofida bo‘ladi. Trassadagi rasmiy sarfni hisobga olganda bu masofa yanada katta chiqadi. Amalda esa konditsioner, tirbandlik, tezlanishlar, yo‘lovchilar va yo‘l sharoiti natijani pasaytirishi tabiiy.

Foto: Chevrolet

Ekspertlar nima deydi

Aziz Sayidov real ekspluatatsiyada Onix foydasiga farq borligini ta’kidlaydi.

«Onix 100 km’ga taxmiman 0.5-1l kamroq benzin sarflaydi», — deydi u.

Ekspertning fikricha, shahardan tashqaridagi foydalanishda Tracker o‘zining boshqa ustunliklarini ko‘rsatadi.

«Bu tarafdan ular yana bir xil ko’rsatlichlarga ega. Faqatgina shahar tashqarisida Tracker o’zini yaxshiroq ko’rsatadi», — deydi Sayidov.

Bu yerda yonilg‘i sarfi va avtomobilning yo‘lga mosligini alohida ko‘rish kerak. Onix kamroq yoqilg‘i sarflashi mumkin, lekin Tracker yuqori klirens va krossover geometriyasi hisobiga sifati yomonroq yo‘llarda haydovchiga ko‘proq ishonch beradi.

Komil Sulaymonov ham shahar ichida Onix’ni afzal ko‘radi.

«Kundalik shahar qatnovlari uchun men Onix’ni tanlagan bo‘lardim. U tejamkorroq, parkovka qilish osonroq va shahar uchun uning o‘lchamlari yetarli. Tracker yuqori o‘tirish holati va kattaroq ichki makon hisobiga qulayroq, shuning uchun aynan krossover formati kerak bo‘lgan odamga ko‘proq mos», — deydi u.

Avvalroq «Kursiv» Chevrolet Cobalt avtomobiliga chegirma e’lon qilingani haqida yozgan edi.

Shuningdek