Fayzullayev jamoasini o‘zgartiradimi: u Top-5 liga klubiga o‘tishi mumkin

eʼlon qilindi
Futbolchiga Fransiya klublaridan taklif tushgan
Foto: O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi

O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayev faoliyatini Fransiya chempionatida davom ettirishi mumkin. 22 yoshli futbolchi Liga 1 vakili – «Strasburg» klubining qiziqish doirasiga tushgan. Bu haqda Fransiyaning transferlarga ixtisoslashgan nashri – les-transferts.com xabar berdi.

«Strasburg» Fayzullayev bilan bog‘landi

Nashrning yozishicha, «Strasburg» rahbariyati Fayzullayevning vakillari bilan bog‘langan va futbolchining transferi bo‘yicha dastlabki muzokaralarni boshlab yuborgan.

Foto: O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi

Hozircha tomonlar o‘rtasida kelishuv mavjud emas. Shuningdek, Fransiya klubi «Istanbul Bashakshehir»ga futbolchi bo‘yicha rasmiy taklif yuborgani ham ma’lum qilinmagan.

Fayzullayevning «Bashakshehir»dagi faoliyati

Fayzullayev 2025-yil yozida Moskvaning SSKA klubidan Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» jamoasiga ko‘chib o‘tgan. Uning turk klubi bilan shartnomasi 2030-yil iyunigacha amal qiladi.

Futbolchining bozor qiymati 7 mln yevro atrofida baholanmoqda. Ayni paytda Fayzullayev yangi mavsumni ham samarali boshladi.

Fransiya Fayzullayev uchun navbatdagi qadam bo‘lishi mumkin

22 yoshli futbolchi avval «Paxtakor» va SSKA safida o‘ynagan. 2025-yildan buyon esa Turkiya Superligasida to‘p tepmoqda. Fayzullayev O‘zbekiston terma jamoasining ham asosiy futbolchilaridan biri. U 2026-yilgi Jahon chempionatida terma jamoa tarixidagi ilk golni urgan.

Foto: O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi

Agar «Strasburg» bilan muzokaralar transferga aylanadigan bo‘lsa, Fayzullayev uchun bu Yevropaning kuchli beshlik chempionatlaridan biriga chiqish imkoniyatini beradi.

Hozircha esa fransuz klubining qiziqishi dastlabki muzokaralar bosqichida qolmoqda. Transfer bo‘yicha rasmiy taklif yoki kelishuv haqida ma’lumot berilmagan.

Avvalroq Fayzullayev «Kojalispоr»ga qarshi bahsning 14-daqiqasida assist qayd etib, Kristofer Operiga hisobni ochish imkonini bergandi.

Shuningdek