Maktab bozorida narx sun’iy oshirilsa, kimga murojaat qilinadi

Yangi o‘quv yili arafasida maktab bozorlaridagi tadbirkorlardan maktab formalari va o‘quv anjomlari narxlarini asossiz oshirmaslik so‘raldi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Narxlar monitoring qilinadi
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, yangi o‘quv yili oldidan ota-onalar va o‘quvchilar maktab formasi, daftar-qalam, darslik va boshqa zarur anjomlarni xarid qilmoqda. Shu sababli savdoda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va hamyonbop narxlarni ta’minlash muhim hisoblanadi.
Mahsulot haqida ma’lumot berilishi shart
Savdogarlar mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi va narxi haqida xaridorga to‘liq ma’lumot taqdim etishi kerak.
Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlarni belgilangan qonunchilik talablariga rioya qilishga, sotilayotgan mahsulotlar sifatini ta’minlashga hamda narxlarni sun’iy ravishda oshirmaslikka chaqirdi.
Qayerga murojaat qilish mumkin
Maktab bozorlarida narxlarning asossiz oshirilishi yoki boshqa iste’molchi huquqlari buzilishiga duch kelgan fuqarolar Raqobat qo‘mitasining 1159 qisqa raqamiga murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita maktab bozorlari va ulardagi narxlar bo‘yicha monitoring ishlarini davom ettiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentdagi maktab bozorlari manzillari ma’lum qilingani haqida yozgandi.