Maktab sumkasi og‘irligi qancha bo‘lishi kerak

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Sumka og‘irligi bolaning tana vaznining 10 – 15 foizidan oshmasligi kerak
Maktab sumkasi og‘irligi qancha bo‘lishi kerak
Rasm sun’iy intellektda tayyorlandi

«Sanepidqo‘mita» yangi o‘quv yili oldidan ota-onalarga maktab sumkasini tanlash va uning og‘irligiga e’tibor berish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Mutaxassislar sumka og‘irligi bolaning tana vaznining 10 – 15 foizidan oshmasligi kerakligini ta’kidladi.

Sumka qancha og‘ir bo‘lishi kerak

Tavsiyalarga ko‘ra, maktab sumkasining umumiy og‘irligi bolaning tana vaznining 10 – 15 foizidan oshmasligi lozim. Sinflar bo‘yicha tavsiya etilgan maksimal og‘irlik esa quyidagicha:

  • 1 – 2-sinflar — 3 kilogrammgacha;
  • 3 – 4-sinflar — 3,5 kilogrammgacha;
  • 5 – 6-sinflar — 5 kilogrammgacha;
  • 7 – 8-sinflar — 6,5 kilogrammgacha;
  • 9 – 11-sinflar — 8 kilogrammgacha.

Og‘ir sumka qanday zarar yetkazadi

Sumkani muntazam ravishda me’yoridan ortiq og‘irlikda ko‘tarib yurish bolada holsizlik va charchoqni keltirib chiqarishi, yurak faoliyatiga ortiqcha yuk tushirishi mumkin. Shuningdek, bosh, bo‘yin va yelka og‘rig‘i, belning egriligi hamda umurtqa pog‘onasining qiyshayishi kabi muammolarga sabab bo‘lishi ehtimoli bor.

Sumka tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak

Mutaxassislar yengil va mustahkam, bola uchun qulay hamda ergonomik sumka tanlashni tavsiya qilmoqda. Uning yelka tasmalari keng va yumshoq, orqa qismi esa yumshoq hamda nafas oladigan materialdan tayyorlangan bo‘lishi maqsadga muvofiq.

Ota-onalarga sumkani har kuni nazorat qilib, unda faqat kerakli darslik va o‘quv qurollari bo‘lishini ta’minlash tavsiya etildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan maktab bozorida narx sun’iy oshirilsa, kimga murojaat qilinishi haqida yozgandi.

Shuningdek