Ronaldu maydonga tushmadi: «An-Nasr» yirik g‘alaba qozondi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Krishtianuning qachondan maydonga qaytishi noma’lumligicha qolmoqda
Foto: Klub Telegram-kanali

«An-Nasr» Saudiya Arabistoni kubogining 1/16 finalida «Al-Diriya» ustidan 4:1 hisobida g‘alaba qozondi. Ar-Riyod klubi uchrashuvni mag‘lubiyat xavfi ostida boshlagan bo‘lsa-da, yakunda ishonchli hisobda keyingi bosqichga yo‘l oldi.

E’tiborli jihati, jamoa sardori va portugaliyalik yulduz Krishtianu Ronaldu uchrashuvda maydonga tushmadi. Uchrashuvni u VIP tribunadan kuzatgan.

«Al-Diriya» tezkor gol bilan boshlandi

Bahs mezbonlar uchun juda muvaffaqiyatli boshlandi. «Al-Diriya» uchrashuvning 2-daqiqasidayoq hisobni ochdi. Ispaniyalik yarim himoyachi Oskar Rodriges jarima maydonidagi vaziyatdan unumli foydalanib, «An-Nasr» darvozasini ishg‘ol qildi.

Foto: @AlNassrFC

Biroq mezbonlarning ustunligi uzoqqa cho‘zilmadi. «An-Nasr» 11-daqiqada hisobni tenglashtirdi. Muhammad Simakan Joau Feliksning uzatmasidan keyin to‘pni darvozaga yo‘lladi.

Joau Feliks kambekni boshlab berdi

Birinchi bo‘lim o‘rtalariga kelib, «An-Nasr» hisobda oldinga chiqib oldi. 35-daqiqada Joau Feliks Angelo uzatmasidan keyin yaqin masofadan gol urib, jamoasini 2:1 hisobida oldinga olib chiqdi.

Oradan atigi ikki daqiqa o‘tib, saudiyaliklar farqni yana bittaga oshirdi. Sadio Mane tomonidan amalga oshirilgan uzatmani Abdulloh Al-Hamdan aniq zarba bilan yakunladi – 3:1. Shu hisob bilan jamoalar tanaffusga chiqdi.

Feliks dubl qayd etdi

Ikkinchi bo‘limda ham tashabbus «An-Nasr» qo‘lida qoldi. 67-daqiqada Joau Feliks yana bir bor gol urib, o‘z hisobiga dubl yozdi. Portugaliyalik futbolchi jarima maydoni ichida qulay vaziyatga chiqib, darvozaning pastki burchagiga aniq zarba berdi. «Al-Diriya» darvozaboni bu zarbani qaytara olmadi.

Qolgan daqiqalarda hisob o‘zgarmadi. Yakunda «An-Nasr» 4:1 hisobida g‘alaba qozonib, Saudiya Kubogining keyingi bosqichiga yo‘l oldi.

Shu tariqa Ronaldu ishtirokisiz o‘tkazilgan bahsda «An-Nasr» dastlabki daqiqalardagi kutilmagan golga qaramay, raqibini yirik hisobda mag‘lub etdi.

Avvalroq Krishtianu Ronaldu va Jorjina  Rodriges turmush qurganidan bir hafta o‘tib, model Instagram sahifasida oilaviy hayotidan yangi lavhalarni ulashgandi.

Shuningdek