Toshkentda taksi haydovchisi mojarosida gumonlangan ikki kishiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

eʼlon qilindi
Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda
Toshkentda taksi haydovchisi mojarosida gumonlangan ikki kishiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Foto: Instagram / press.qahramon

Toshkentda taksi haydovchisi va yo‘lovchi ayol o‘rtasidagi janjaldan so‘ng ayolning ukasi bezorilikda, ayolning o‘zi esa tuhmat qilishda gumonlanmoqda. Bu haqda Toshkent shahar IIBB ma’lumot berdi.

Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Janjalga nima sabab bo‘lgan

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarga ko‘ra, mojaro taksi haydovchisi yo‘lovchi ayolga farzandi avtomobil o‘rindig‘ini tepaverayotgani sabab tanbeh berganidan keyin boshlangan.

Haydovchi ayoldan avtomobildan tushishni so‘ragan. Biroq yo‘lovchi bunga rozi bo‘lmay, telefon orqali 2003-yilda tug‘ilgan bloger ukasini chaqirgan.

Haydovchi jinsiy yaqinlikda ayblangan

Ayolning tanishlari yetib kelganidan so‘ng u haydovchini o‘ziga jinsiy yaqinlik taklif qilganlikda ayblagan. Shundan keyin ayolning tanishi va taksi haydovchisi o‘rtasida janjal yuzaga kelgan.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda ayolning tanishlari tomonidan olingan videolar tarqalib, ularda haydovchi shilqimlikda ayblangan. Keyinchalik haydovchining avtomobil salonida ayol bilan suhbatlashgani va mojaro vaqtida olingan videolari ham e’lon qilingan.

Ukasi qamoqqa olingan

Hodisa 17-avgust kuni Yashnobod tumanidagi Abdulla Qodiriy ko‘chasida sodir bo‘lgan.

Holat yuzasidan yo‘lovchi ayolning ukasiga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U qamoqqa olingan.

Ayolga ham jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Taksi haydovchisiga tuhmat qilganlikda gumonlanayotgan yo‘lovchi ayolga nisbatan esa Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi – internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali tuhmat qilish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda holat yuzasidan tergov davom etmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Uklon 5-avgustdan boshlab Farg‘ona vodiysidagi beshta shaharda ish boshlagani haqida yozgandi.

Shuningdek