Uylarni «rassrochka»ga olish taqiqlanadimi

eʼlon qilindi
O‘zgarishlar, asosan, bunday xizmatni ko‘rsatuvchi vositachi kompaniyalarga taalluqli
Foto: Pexels.com

Ijtimoiy tarmoqlarda 2027-yildan uy-joyni «rassrochka» orqali sotib olish mumkin bo‘lmaydi, degan xabarlar tarqalmoqda. Aslida esa uylarni bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olish taqiqlanmaydi. O‘zgarishlar, asosan, bunday xizmatni ko‘rsatuvchi vositachi kompaniyalarga taalluqli. Bu haqda Adliya vazirligi tegishli tushuntirish berdi.

Quruvchidan uy olish mumkin

Prezidentning 14-avgustdagi qaroriga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi operatorlar faoliyati alohida tartibga solinadi.

Muhim jihati shundaki, ko‘chmas mulk operatorlar orqali muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Ya’ni vositachi kompaniya orqali uyni «rassrochka»ga sotib olishga yo‘l qo‘yilmaydi. Lekin bu quruvchi o‘zi qurgan uyni xaridorga to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘lib to‘lash sharti bilan sota olmaydi, degani emas.

Qarorda sotuvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri savdolar muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan chiqarib tashlangan. Shu sababli quruvchi bilan bevosita shartnoma tuzib, uy haqini kelishilgan muddat davomida bo‘lib to‘lash imkoniyati saqlanib qoladi.

Vositachi kompaniyalar nazoratga olinadi

2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi operatorlar maxsus reyestrga kiritiladi va Markaziy bank nazoratida ishlaydi.

Ular uchun shartnoma, ustama va komissiyalarga doir talablar belgilanadi. Operatorlar mijozlarni raqamli identifikatsiya va verifikatsiyadan o‘tkazishi, shuningdek, muddatli to‘lov bo‘yicha ma’lumotlarni kredit byurolari bilan almashishi kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, mijozga beriladigan muddatli to‘lov miqdori bo‘yicha Markaziy bank belgilaydigan qarz yukining eng yuqori ko‘rsatkichlariga rioya qilinadi.

Avvalroq muddatli to‘lov asosida xarid qilinadigan tovar, ish yoki xizmat qiymati BHMning 250 baravaridan oshmasligi, shartnoma muddati esa 12 oydan ko‘p bo‘lmasligi kerak ekani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek