Beeline Uzbekistan egasi Perfectum bilan 200 mln dollarlik savdo bitimini tuzishi mumkin

Perfectum investori Farxod Mamadjonov VEON xalqaro telekommunikatsiya holdingi bilan $200 millionlik investitsiya bitimini tayyorlayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Mamadjonov 18-avgust kuni Xorazm viloyatida Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda aytdi.
Bitim bo‘yicha kelishuvga erishilgan
Unga ko‘ra, tomonlar iyun oyida muzokaralarni yakunlagan va hozir $200 millionlik investitsiya bitimini imzolashga tayyor.
Buning uchun Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining tegishli xulosasi olinishi kerak.
Raqobat qo‘mitasi mobil aloqa bozorini o‘rganmoqda
Qo‘mita raisi Xalililla To‘raxo‘jayevning ma’lum qilishicha, 24-iyul kuni iqtisodiy konsentratsiya bo‘yicha bitimga oldindan rozilik olish yuzasidan murojaat kelib tushgan.
Hozirda idora mobil aloqa bozorini o‘rganmoqda. Ayrim masalalar bo‘yicha ishlar yakunlangach xulosa berilishi kutilmoqda. Prezident masalani shaxsan nazoratga olishini bildirdi.
VEON Beeline Uzbekistan egasi
Amsterdamda joylashgan VEON xalqaro telekommunikatsiya holdingi tarkibiga O‘zbekistondagi Beeline Uzbekistan ham kiradi.
Farxod Mamadjonov esa Perfectum mobil operatorining yirik investorlaridan biri hisoblanadi. Iyul oyida u Perfectumning yuridik shaxsi – Rubicon Wireless Communication MChJdagi 50 foiz ulushni sotib olish bo‘yicha Raqobat qo‘mitasidan rozilik olgan.
Vodafone bilan hamkorlik rejasi o‘zgargan
Mamadjonov avvalroq O‘zbekistonda 5G Standalone tarmog‘ini rivojlantirish uchun Britaniyaning Vodafone kompaniyasini jalb qilish rejasini bildirgan edi. 2024-yilda ushbu loyiha uchun 250 million yevro investitsiya kiritilishi rejalashtirilgani aytilgan.
Keyinchalik loyiha bo‘yicha Vodafone o‘rniga VEON bilan hamkorlik qilishga qaror qilingan.
Avvalroq «Kursiv» nashri Beeline Uzbekistan va Rakuten Symphony aloqa sohasida SI bo‘yicha hamkorlik qilishi haqida yozgandi.