Amir Temur xiyobonida beshta svetofor «Yashil to‘lqin» tizimiga ulandi

Toshkentdagi Amir Temur xiyoboni atrofida va unga tutash chorrahalarda o‘rnatilgan beshta svetofor yagona «Yashil to‘lqin» algoritmi asosida ishlay boshladi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Tizim transport harakatini bir maromda tashkil etish va ortiqcha to‘xtashlarni kamaytirishga qaratilgan.
Beshta svetofor sinxronlashtirildi
Unga ko‘ra, hududga beshta yangi svetofor obyekti o‘rnatilgan. Endilikda ular o‘zaro sinxronlashtirilib, ikki yo‘nalishda yagona tizim asosida ishlamoqda.
Belgilangan harakat shartlariga rioya qilingan taqdirda haydovchilar svetoforlarda ortiqcha to‘xtamasdan harakatlanishi mumkin.
Haydovchilar qanday harakatlanadi
Amir Temur va Buxoro ko‘chalari kesishmasida yashil signalda harakatni boshlagan avtomobil Amir Temur xiyoboni atrofidagi aylanma chorrahadan o‘tib, Amir Temur ko‘chasi bo‘ylab Oloy bozori tomon svetoforlarda to‘xtamasdan harakatlanishi mumkin.

Qarama-qarshi yo‘nalishda ham Temuriylar tarixi davlat muzeyi tomondan kelayotgan avtomobillar Amir Temur va Buxoro ko‘chalari kesishmasigacha «Yashil to‘lqin» rejimida harakatlanishi mumkin.
Tizim qanday ishlaydi
«Yashil to‘lqin»da barcha svetoforlarning yashil chirog‘i bir vaqtda yonmaydi. Svetoforlar avtomobilning belgilangan tezlikda keyingi chorrahaga yetib borish vaqtiga mos ravishda sozlangan.
Buning uchun haydovchilar yashil signalda harakatni boshlashi, belgilangan tezlikka amal qilishi va keskin tezlashish yoki tormozlashdan saqlanishi kerak.
Maxtumquli ko‘chasigacha kengaytiriladi
Keyingi bosqichda Amir Temur xiyobonidagi aylanma chorrahadan Maxtumquli ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘nalishni ham «Yashil to‘lqin» tizimiga ulash algoritmi ishlab chiqilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentdagi Kichik halqa yo‘lida harakatlanish vaqti 45 foizga qisqargani haqida yozgandi.