Javohir Sindarov AQShdagi nufuzli turnirda uchinchi o‘rinni egalladi

eʼlon qilindi
Sinquefield Cup 2026 turnirida
Javohir Sindarov Nomzodlar turnirini mag‘lubiyatsiz yakunladi
Foto: Olamsport

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov AQShning Sent-Luis shahrida o‘tkazilgan Sinquefield Cup 2026 turnirini uchinchi o‘rinda yakunladi. U 9 ta partiyada 5 ochko jamg‘ardi.

Dastlabki turlarda g‘alaba bo‘lmadi

Sindarov turnirni Levon Aronyan bilan durang bilan boshladi. Ikkinchi turda esa hindistonlik Rameshbabu Pragnanandhaga mag‘lub bo‘ldi.

Keyingi to‘rtta partiyada Maksim Vashe-Lagrav, Anish Giri, Sem Sevyan va Fabiano Karuanaga qarshi bahslar durang bilan yakunlandi. Shu tariqa dastlabki olti turdan so‘ng Sindarov hisobida 2,5 ochko bor edi.

Ketma-ket ikki g‘alaba

Yettinchi turda o‘zbekistonlik shaxmatchi germaniyalik Vinsent Keymerni mag‘lub etdi. Sakkizinchi turda esa Yorden van Forest ustidan g‘alaba qozonib, ketma-ket ikkinchi g‘alabasini qayd etdi.

Bu natijalar Sindarovga turnir g‘olibligi uchun kurashish imkoniyatini qaytardi. Yakuniy tur oldidan u hatto birinchi o‘rin uchun nazariy imkoniyatni saqlab qolgandi.

Grand Chess Tour finaliga 0,5 ochko yetmadi

Hal qiluvchi bahsda Sindarov Uesli So bilan durang o‘ynadi va turnirni 5 ochko bilan uchinchi o‘rinda yakunladi.

Sinquefield Cup yakunlariga ko‘ra, Pragnanandha, Uesli So, Fabiano Karuana va Vinsent Keymer Grand Chess Tour finaliga yo‘l oldi. Sindarovga kuchli to‘rtlikka kirish uchun atigi 0,5 ochko yetmadi.

Javohir Sindarov 9 ta klassik partiyada 2 ta g‘alaba, 6 ta durang va 1 ta mag‘lubiyat qayd etdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sindarovning qaylig‘i Samarqandga kelishi haqida yozgandi.

Shuningdek