Ronaldu o‘g‘lining kelajagi haqida gapirdi

eʼlon qilindi
Ronaldu o‘g‘lining kelajagi o’zinikidan ham yaxshiroq bo‘lishini aytdi
Foto: AFP

Portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronaldu o‘g‘li Krishtianu kichikning kelajagi haqida gapirib, uning o‘zidan ham balandroq va kuchliroq bo‘lishini aytdi. Futbolchi bu fikrlarini o‘g‘lining «Al-Nassr» akademiyasidagi mashg‘ulotini kuzatayotgan vaqtida bildirgan. 

Tarmoqda e’lon qilingan videoda 41 yoshli Ronaldu 16 yoshli o‘g‘lining mashg‘ulotlarini tomosha qilayotgani aks etgan. U o‘g‘lining xarakteri haqida ham iliq fikrlar bildirgan.

«U yaxshi bola, halol va aqlli farzand. Uyda qolgan kichiklar esa biroz qiyinroq», – degan Ronaldu.

«U mendan kattaroq va kuchliroq»

Futbolchi o‘g‘lining o‘z yoshidagi holatini o‘ziniki bilan taqqoslagan. Uning aytishicha, Krishtianu kichik shu yoshda undan kattaroq va kuchliroq ko‘rinadi.

«Men uning yoshida kichikroq edim. U esa biroz kattaroq va kuchliroq. Menimcha, u mendan ham yaxshiroq bo‘ladi», – degan futbolchi.

Ronaldu avval ham o‘g‘lining futbolga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlab kelgan. Krishtianu kichik hozir «Al-Nasr»ning yoshlar jamoasida shug‘ullanadi va otasining futbolchilik yo‘lini davom ettirishga harakat qilmoqda.

Ronaldu o‘g‘li tug‘ilgach hayoti o‘zgarganini aytgandi

Krishtianu kichik 2010-yilda tug‘ilgan. Ronaldu o‘sha paytda 25 yoshda edi. Futbolchi farzandining hayotidagi o‘rnini doimo alohida ta’kidlab kelgan.

U 2015-yilda bergan intervyusida o‘g‘li dunyoga kelganidan keyin hayoti butunlay o‘zgarganini aytgandi. Ronaldu bolaning onasi haqidagi ma’lumotni esa hech qachon oshkor qilmasligini bildirgan.

«Krishtianu ulg‘aygach, unga men nima qilganimni, nimalarni his qilganimni va o‘sha paytda xayolimdan nimalar o‘tganini aytaman», – degan futbolchi.

Hozirda Krishtianu kichik Ronaldu va uning rafiqasi Jorjina Rodrigesning oilasida katta farzand hisoblanadi. Juftlik yaqinda Portugaliyadagi uyida nikohdan o‘tgan.

Avvalroq Krishtianu Ronaldu va Jorjina  Rodriges turmush qurganidan bir hafta o‘tib, model Instagram sahifasida oilaviy hayotidan yangi lavhalarni ulashgani haqida xabar berilgan edi.

Shuningdek