Sindarovning qaylig‘i Samarqandga keladi, Husanovning o‘rni o‘zgardi — 20-avgust e’lon qilingan yangiliklar

Sindarovning qaylig‘i Samarqandga keladi, Husanovning o‘rni o‘zgardi — 20-avgust e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Maktabgacha ta’lim sohasida yangi markaz tashkil etiladi: u nima bilan shug‘ullanadi

Toshkent shahrida maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga ixtisoslashgan yangi markaz tashkil etiladi. Bu haqda hukumatning 18-avgustdagi 446-son qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti huzurida Maktabgacha ta’limni rivojlantirish mintaqaviy markazi tashkil qilinadi.
Sindarovning qaylig‘i Samarqandga keladi

Qozog‘istonlik grossmeyster Bibisora Asaubayeva sentabr oyida O‘zbekistonga keladi. U 15 – 27 sentabr kunlari Samarqandda o‘tkaziladigan 46-Jahon shaxmat olimpiadasida Qozog‘iston terma jamoasi safida ishtirok etadi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
Asaubayeva AQShning Sent-Luis shahrida o‘tkazilgan Cairns Cup 2026 turniridagi ishtirokidan so‘ng o’z xotiralarini ham ulashgan. Qozog‘istonlik shaxmatchi musobaqani 5 ochko bilan yakunlab, bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Husanovning o‘rni nega o‘zgardi. Yangi murabbiy Abduqodirdan nima kutmoqda

O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Abduqodir Husanov yangi mavsum oldidan «Manchester Siti» safida yana o‘ng qanot himoyachisi sifatida ko‘rinish berdi. Bu ko‘plab nashrlar, jumladan, The Guardian’ning ham e’tiborini tortdi.
O‘zbekistonlik futbolchi avval ham ushbu pozitsiyada o‘ynagan, biroq 2026/27 yilgi mavsum arafasida uning bu roldagi imkoniyatlari yana muhokamalar markazida qoldi.
Samsung Galaxy A58 ilk bor ma’lumotlar bazasida ko‘rindi

Samsung Galaxy A57 modelini yaqinda taqdim etgan bo‘lsa-da, kompaniya uning davomchisi Galaxy A58 ustida ishlayotgani ma’lum bo‘ldi. Sammobile’ga ko‘ra, smartfon GSMA IMEI bazasida SM-A5860 model raqami bilan paydo bo‘lgan.
Bazadagi yozuvda qurilmaning ishlab chiqaruvchisi Samsung Korea, bozor nomi esa Galaxy A58 5G deb ko‘rsatilgan. Hozircha ushbu baza smartfonning texnik xususiyatlarini oshkor qilmagan.
Tramp Eronga qarshi «misli ko‘rilmagan iqtisodiy izolyatsiya» boshlaganini e’lon qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan savdo qiladigan yoki unga moliyaviy yordam ko‘rsatadigan davlatlar «juda katta iqtisodiy oqibatlar»ga duch kelishini aytdi. Donald Tramp Truth Social’dagi postida AQSh Eronga qarshi yanada keskin iqtisodiy bosim kampaniyasini boshlayotganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron bilan moliyaviy yoki tijoriy aloqalarni davom ettirayotgan davlatlar ham AQSh sanksiyalariga duch kelishi mumkin.
OTMlarda yangi o‘quv yili darslari qachon boshlanadi

O‘zbekistonda 2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim tashkilotlari, akademik litsey va texnikumlarda darslar boshlanish sanalari belgilandi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, akademik litsey va texnikumlarda yangi o‘quv yili 2-sentabrdan boshlanadi.
Oliy ta’lim tashkilotlarida 1-bosqich talabalari uchun o‘quv jarayonlari 7-sentabrdan boshlanadi. 2-bosqich va undan yuqori bosqich talabalari uchun esa o‘quv jarayonlari 14-sentabrdan tashkil etiladi.
Enterprise Uzbekistan to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonun imzolandi

Shavkat Mirziyoyev «Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunni imzoladi. Hujjat Enterprise Uzbekistan uchun 2100-yilgacha maxsus huquqiy rejimni belgilaydi hamda global texnologiya kompaniyalari, startaplar va investorlarni jalb etish uchun alohida sharoit yaratadi.
Qonunga ko‘ra, Enterprise Uzbekistan doirasida korporativ va tijorat munosabatlari, investitsiyalar, mehnat, ma’lumotlar va intellektual mulkni himoya qilish, sun’iy intellekt, ta’lim, soliq va bojxona masalalari uchun maxsus tartib amal qiladi.
Bank omonatlariga soliq: budjet yutadimi yoki bank tizimi yutqazadimi

O‘zbekistonda bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlarini soliqqa tortish masalasi jamoatchilik va iqtisodchilar orasida muhokamaga sabab bo‘ldi. Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish, fiskal tahlillar instituti bank omonatlaridan olinadigan foizlarni dividend daromadlariga tenglashtirib, ularga 5 foizlik jismoniy shaxslar daromad solig‘ini qo‘llashni taklif qilgan.
Kursiv Uzbekistan iqtisodchilar va huquqshunos bilan suhbatlashib ushbu jarayon haqida fikrlarni o‘rgandi.
Maktablarda yangi o‘quv yili 2-sentabrdan boshlanadi

O‘zbekistondagi barcha umumta’lim maktablarida 2026/2027-o‘quv yili darslari 2-sentabr, chorshanba kuni boshlanadi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
Yangi o‘quv yilida mamlakat bo‘yicha 795 mingdan ortiq bolalar birinchi sinfga qabul qilinadi.
Bronza medal Javohir Sindarovga 58 ming dollar olib keldi

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov AQShning Sent-Luis shahrida o‘tkazilgan Sinquefield Cup – 2026 turnirida uchinchi o‘rinni egallab, $58 125 mukofot puli oldi.
Grand Chess Tour seriyasining yakuniy bosqichi hisoblangan musobaqada Sindarov 9 ta partiyada 5 ochko jamg‘arib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.