Sindarovning qaylig‘i Samarqandga keladi

20-avgust 2026 11:59 eʼlon qilindi

Muhammad Hodiyev

Muhammad Hodiyev

Muxbir
Foto: Asaubayevaning Telegram-kanali

Qozog‘istonlik grossmeyster Bibisora Asaubayeva sentyabr oyida O‘zbekistonga keladi. U 15–27 sentyabr kunlari Samarqandda o‘tkaziladigan 46-Jahon shaxmat olimpiadasida Qozog‘iston terma jamoasi safida ishtirok etadi. Bu haqda u o’zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.

Asaubayeva AQShning Sent-Luis shahrida o‘tkazilgan Cairns Cup 2026 turniridagi ishtirokidan so‘ng o’z xotiralarini ham ulashgan. Qozog‘istonlik shaxmatchi musobaqani 5 ochko bilan yakunlab, bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Asaubayeva AQShdagi turnir haqida gapirdi

Musobaqa yakunlangach, Asaubayeva Telegram-kanalida video murojaat qilib, turnirdagi ishtiroki haqida fikr bildirdi. 

«Turnir bir maromda o‘tdi. Ishchi turnir bo‘ldi, desam bo‘ladi. Eng muhimi, tez orada nihoyat AQShdan ketaman. Bu yerda uzoq vaqt qolganim uchun biroz charchadim», — dedi u.

Cairns Cup’da Asaubayeva 9 tur davomida 5 ochko jamg‘arib, amerikalik shaxmatchi Klarissa Yip bilan 3-o‘rinni bo‘lishib oldi.

Turnir sovrin jamg‘armasi $250 ming

Cairns Cup 2026 Sent-Luis shahrida o‘tkazilmoqda. Nufuzli ayollar turnirining umumiy sovrin jamg‘armasi $250 mingni tashkil etadi.

Musobaqa Sent-Luis shaxmat klubi hammuassislaridan biri Jinn Kerns Sinkfild sharafiga nomlangan. Turnirda tashkilotchilardan shaxsiy taklifnoma olgan o‘n nafar shaxmatchi bir davrali tizimda kuch sinashmoqda.

Partiyalarda klassik vaqt nazorati qo‘llanadi: dastlabki 40 yurish uchun 90 daqiqa, undan keyin o‘yin oxirigacha yana 30 daqiqa beriladi. Bundan tashqari, birinchi yurishdan boshlab har bir yurish uchun 30 soniyadan qo‘shib boriladi.

Turnirda kimlar yuqori o‘rinni egalladi

Cairns Cup 2026 musobaqasida 10 nafar shaxmatchi bir davrali tizimda bahslashdi. Turnir g‘olibligini xitoylik Tan Chjuni qo‘lga kiritdi — u 6,5 ochko jamg‘ardi.

Amerikalik Alise Lee 6 ochko bilan ikkinchi bo‘ldi. Asaubayeva va Yip 5 ochkodan jamg‘arib, uchinchi o‘rinni bo‘lishdi.

Asaubayevani Samarqanddagi olimpiada kutmoqda

46-Jahon shaxmat olimpiadasining ochilish marosimi 15 sentyabr kuni Samarqandda o‘tkaziladi. Asosiy bahslar esa 16 sentyabrdan boshlanib, 27 sentyabrga qadar davom etadi. Musobaqada 400 ta jamoa — ochiq va ayollar bahslarida jami 208 hamda 192 terma jamoa qatnashishi tasdiqlangan.

Qozog‘iston ayollar terma jamoasi tarkibida Asaubayevadan tashqari Alua Nurman, Meruert Kamalidenova, Elnaz Kaliah va Zarina Nurgaliyeva ham ishtirok etadi. Jamoaga Pavel Kotsur murabbiylik qiladi.

Avvalroq O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov va qozog‘istonlik shaxmatchi Bibisora Assaubayeva ijtimoiy tarmoqlarda e’tiborli suratlari bilan muxlislar diqqatini tortgandi. Ular bir-biriga bag‘ishlangan yozuv va tasvirlar tushirilgan futbolkalarda ko‘rinish berdi

Shuningdek