Tramp Kim Chen In bilan yana uchrashmoqchi

AQSh prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan bu yil uchrashishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Bu ikki davlat rahbarining yetti yildan keyingi ilk uchrashuvi bo‘lishi mumkin.
Tramp Oq uy oldida jurnalistlar bilan suhbatda Kim Chen In bilan uchrashish haqidagi savolga «Ha, buni qilaman», – deya javob bergan.
Tramp uchrashuvni kuzda o‘tkazmoqchi
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tramp Kim Chen In bilan uchrashuvni kuzda tashkil etishni istamoqda. Uchrashuvdan asosiy maqsad Pxenyanning yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlash bo‘lishi mumkin.
Biroq Pxenyanda Trampning bayonotiga nisbatan ehtiyotkor munosabat bildirildi. Shimoliy Koreya rahbarining singlisi Kim Yo Chen ikki davlat rahbarlari o‘rtasida hozircha to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa bo‘lmaganini aytdi.
Shu bilan birga, u Tramp va Kim Chen In o‘rtasidagi shaxsiy munosabatlar «a’lo» darajada qolayotganini ta’kidladi. Biroq Kim Yo Chen AQShning Shimoliy Koreyaga nisbatan «dushmanona siyosati» o‘zgarmaganini ham qayd etdi.
Tramp va Kim Chen In avval uch marta uchrashgan
Donald Tramp va Kim Chen In Trampning prezidentlik davridagi birinchi muddatida uch marta uchrashgan. Ularning ilk uchrashuvi 2018-yilda Singapurda, keyingi ikki uchrashuvi esa 2019-yilda bo‘lib o‘tgan.
Tomonlar Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturini qisqartirish bo‘yicha muzokaralar olib borgan. Biroq Pxenyan yadroviy infratuzilmasini demontaj qilish shartlari yuzasidan kelishuvga erishilmagach, muzokaralar yakunlangan.
Tramp shu hafta boshida ham Kim Chen In muloqot bo‘yicha taklifiga javob berganini aytgandi. AQSh prezidenti Shimoliy Koreya yetakchisi unga doimo katta hurmat bilan munosabatda bo‘lganini ta’kidlagan.
Trampning Kim Chen In bilan ehtimoliy uchrashuvi haqidagi bayonoti AQSh va Janubiy Koreya o‘rtasidagi harbiy hamkorlik fonida yangradi.
Avvalroq AQSh prezidenti Janubiy Koreya bilan birgalikda o‘tkaziladigan harbiy mashg‘ulotlar ko‘lamini sezilarli darajada qisqartirishga qaror qilgan. U mashg‘ulotlar katta mablag‘ talab qilishi va Shimoliy Koreyaga nisbatan «dushmanona signal» yuborishini aytgan.