Urganch – Xiva pullik yo‘li: qatnov narxi va yangi tartiblar ma’lum qilindi

eʼlon qilindi
35 kilometrlik yo‘lda to‘lov tizimi 25-avgustdan to‘liq ishlay boshlaydi
Urganch–Xiva pullik yo‘li: qatnov narxi va yangi tartiblar ma’lum qilindi
Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda ilk bor yo‘l haqini elektron tarzda undirish tizimiga ega pullik avtomagistral foydalanishga topshirilmoqda. Urganch va Xivani bog‘lovchi 35 kilometrlik yo‘lda to‘lov tizimi 25-avgustdan to‘liq ishlay boshlaydi. Bu haqda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.

Yangi avtomagistral orqali Urganchdan Xivaga yetib borish uchun ketadigan vaqt avvalgi 45 – 50 daqiqadan 15 – 20 daqiqagacha qisqarishi kutilmoqda. To‘rt polosali yo‘lda tunnel, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 15 ta ko‘prik hamda 100 dan ortiq suv o‘tkazuvchi inshoot barpo etilgan. Trassa bir sutkada 30 mingdan ortiq transport vositasini qabul qila oladi.

Yo‘l haqi qancha

Yengil avtomobillar uchun Urganch – Xiva yo‘nalishining to‘liq qismi bo‘yicha to‘lov 25 ming so‘m etib belgilangan. 28 kilometrlik qisqa yo‘nalishdan foydalanish esa 20 ming so‘m turadi.

Yuk avtomobillari va avtobuslar uchun to‘liq yo‘nalish narxi 40 ming so‘m, qisqa yo‘nalish uchun esa 25 ming so‘m olinadi.

To‘lov jarayoni avtomobilni to‘xtatishni talab qilmaydi. Tizim transport vositasini elektron tarzda aniqlab, yo‘l haqini avtomatik yechib olish imkonini beradi.

To‘lovni qanday amalga oshirish mumkin

25-avgustdan maxsus sayt va mobil ilova orqali yo‘l haqini to‘lash imkoniyati yaratiladi. Foydalanuvchilar elektron hamyonini to‘ldirishi yoki bank kartasini tizimga ulashi mumkin.

Avtomobil ma’lumotlarini, jumladan, davlat raqami, toifasi, rusumi va rangini tizimga kiritish ham mumkin. Platformada yo‘lning holati, tirbandliklar, safar davomiyligi va ob-havo haqida ma’lumot olish imkoniyati ham mavjud.

Tezlik 150 km/soatgacha

Pullik avtomagistralda maksimal tezlik 150 km/soat etib belgilangan. Qayrilish joylarida bu ko‘rsatkich 130 km/soatgacha tushiriladi. Minimal tezlik esa 40 km/soatni tashkil qiladi.

Trassada piyodalar, mopedlar, ot-aravalar va tirkamali transport vositalarining harakatlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, avtomagistralda to‘xtash va belgilangan joylardan tashqari qayrilib olish taqiqlanadi.

Hozirda yo‘l haqi undirish tizimi sinov tariqasida ishlamoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident ilk pullik yo‘lda yurib ko‘rgani haqida yozgandi.

Shuningdek