Asal oyi «otmen»: to‘y tugashi bilan Ronaldu mashg‘ulotga yugurdi

21-avgust 2026 15:17 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Asal oyi «otmen»: to‘y tugashi bilan Ronaldu mashg‘ulotga yugurdi
Foto: Cristiano / Instagram

Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodrigesning to‘yi ko‘pchilik kutganidek katta tantana bilan o‘tmadi. Yulduzli juftlik Portugaliyadagi o‘z uyida yaqinlari davrasida nikohini nishonladi.

Marosimda ulardan tashqari faqat besh nafar farzandi ishtirok etgan.

To‘ydan keyin darhol Saudiya Arabistoniga

Juftlik to‘y ortidan uzoq dam olishni ham rejalashtirmagan. Ronaldu yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish uchun Saudiya Arabistoniga qaytib, «Al-Nasr» mashg‘ulotlariga qo‘shilgan.

Futbolchi 2026-yilgi jahon chempionatidan keyin jismoniy holatini tiklash va 2026/27-yilgi mavsumga tayyorgarlikni kuchaytirishga e’tibor qaratmoqda.

Jorjina ham odatiy hayotiga qaytdi

Jorjina Rodriges esa to‘ydan keyin kundalik ishlariga qaytgan. U farzandlariga g‘amxo‘rlik qilish bilan birga sport zalida mashg‘ulotlar va pilates bilan shug‘ullanishga ko‘proq vaqt ajratmoqda.

Model avvalroq to‘ydan keyin asal oyi bo‘lmasligini aytgan edi. Bunga asosiy sabab juftlikning Saudiya Arabistoniga tezda qaytishi va Ronaldu «Al-Nasr» bilan yangi mavsumga tayyorgarlikni boshlashi bo‘lgan.

10 yillik munosabatdan keyingi qaror

Jorjina avval hashamatli to‘y, katta hovli va qimmat avtomobillar ishtirokidagi marosimni orzu qilganini aytgan. Biroq qariyb 10 yillik munosabatlardan so‘ng juftlik uchun dabdaba emas, oilaviy muhit va shaxsiy hayot muhimroq bo‘lib qolgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Shu sababli ular nikoh marosimini o‘z uylarida, farzandlari davrasida o‘tkazishni ma’qul ko‘rgan.

Jorjina Ronaldu uchun og‘ir davrda yonida bo‘lgan

Juftlik munosabatlari davomida Jorjina Ronaldu hayotidagi murakkab davrlarda uni qo‘llab-quvvatlab kelgan. 2022-yilda futbolchi o‘g‘il farzandini yo‘qotish fojiasini boshdan kechirgan, shuningdek «Manchester Yunayted»dagi faoliyati bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan.

Keyinchalik Ronaldu oilasi bilan Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tib, faoliyatini «Al-Nasr»da davom ettirdi. Endilikda esa futbolchi yangi mavsumga tayyorgarlikni asal oyidan ustun qo‘ydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jorjina Rodriges to‘yida $70 mlnlik taqinchoqlar taqqani haqida yozgandi.

Shuningdek