
Huawei’ning noodatiy keng va past korpusga ega Pura X View smartfoni bozordagi buklanuvchi qurilmalar bilan taqqoslandi. Ice Universe yozishicha, model odatiy cho‘zinchoq smartfonlardan farqli ravishda kengroq ekran va o‘ziga xos korpus nisbatiga ega.
Huawei Pura X View 6,39 dyuymli OLED displey bilan jihozlangan. Ekranning tomonlar nisbati 16:9,5 bo‘lib, bu zamonaviy smartfonlar uchun juda noodatiy ko‘rsatkich hisoblanadi.
Displey 2232×1320 piksel aniqlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Uning maksimal yorqinligi 6500 nitgacha yetadi, ekran atrofi esa juda ingichka ramkalar bilan o‘ralgan.
Smartfon korpusining qalinligi 6,68 mm, vazni esa 201 grammni tashkil etadi. Shunga qaramay, qurilmaga 7000 mA/soat sig‘imli katta akkumulyator o‘rnatilgan.
Kirin 9030S va 1 TB gacha xotira

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Huawei Pura X View Kirin 9030S protsessorida ishlaydi. Smartfon 12 GB tezkor xotira va 1 TB gacha ichki xotira bilan taklif qilinishi kutilmoqda.
Asosiy kamera tizimi uchta 50 megapikselli moduldan iborat bo‘ladi. Qurilma HarmonyOS 7 operatsion tizimida ishlaydi.
Keng korpus nimaga qulay

Huawei Pura X View odatiy smartfonlarga qaraganda ancha keng va qisqaroq. Shu sababli uning tashqi ko‘rinishi ayrim buklanuvchi smartfonlarning ochilgan holatini eslatadi.
Bunday format video tomosha qilish, matn o‘qish va turli kontent bilan ishlashda qulayroq bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, ekran diagonali 6,39 dyuym bo‘lsa-da, keng tomonlar nisbati sabab displey maydoni odatiy 6,9 dyuymli cho‘zinchoq ekranlardan boshqacha ko‘rinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Huawei nova 16 SE smartfoni sotuvga chiqqani haqida xabar berilgandi.