O‘zbekistonda bank kartalari soni 11 foizga oshdi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
2026-yil 1-avgust holatiga
Endilikda banklar kredit uchun kartadagi hamma pulni yechib ololmaydi
Foto: Kursiv Uzbekistan

2026-yil 1-avgust holatiga O‘zbekistonda muomaladagi bank kartalari soni 75,7 mln donaga yetdi. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, yil boshidan buyon kartalar soni 7,4 mln donaga yoki 10,9 foizga oshdi.

2026-yil 1-yanvar holatiga mamlakatda 68,3 mln bank kartasi muomalada bo‘lgan. Yetti oy davomida ularning soni 75,7 mln donagacha ko‘paydi. Shu tariqa yil boshidan buyon muomalaga qo‘shimcha 7,4 mln karta chiqarildi.

To‘lov terminallari soni ham oshdi. Yil boshidagi 430,8 mingta terminalga nisbatan 1-avgustga kelib ularning soni 453,5 mingtaga yetdi. Bu 22,7 ming dona yoki 5,3 foizlik o‘sishni anglatadi.

Bankomat va infokiosklar soni 17,3 foizga ko‘paydi

Bankomat va infokiosklar tarmog‘i yanada tezroq kengaydi. 2026-yil boshida ularning soni 40,1 mingta bo‘lgan bo‘lsa, 1-avgust holatiga 47 mingtaga yetdi.

Shunday qilib, yetti oyda bankomat va infokiosklar soni 6,9 mingtaga yoki 17,3 foizga oshdi.

Terminallar orqali 387,4 trln so‘m tushum o‘tdi

2026-yilning yanvar – iyul oylarida to‘lov terminallari orqali 387,4 trln so‘mlik tushum amalga oshirildi. Taqqoslash uchun, 2025-yilning to‘liq 12 oyida terminallar orqali o‘tgan tushum 460,3 trln so‘mni tashkil etgan.

Oylik o‘rtacha ko‘rsatkich hisoblanganda, terminallar aylanmasi o‘tgan yilga nisbatan 44,3 foizga oshgan.

Har bir kartaga to‘g‘ri keladigan tushum ham oshdi

Kartalar soni 10,9 foizga ko‘paygan bir paytda terminallar aylanmasining tezroq o‘sishi kartalardan foydalanish faolligi ortayotganini ko‘rsatmoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, bitta kartaga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik tushum 2025-yildagi 562 ming so‘mdan 2026-yilning yanvar – iyul oylarida 731 ming so‘mgacha oshgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay servislarini ishga tushirish bo‘yicha ishlar davom etayotgani ma’lum qilingandi. Markaziy bank To‘lov tizimlarini rivojlantirish departamenti direktori Jamshid Usmonov Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qilishicha, yaqin oylarda xizmatlar ishga tushishi haqida ijobiy xabarlar kutilmoqda.

Shuningdek