«Qizaloq va maymoq» multfilmi Ukrainada taqiqlandi

Ukraina «Qizaloq va maymoq» multserialini yaratish va tarqatishda ishtirok etgan rossiyalik besh nafar shaxs hamda to‘rtta tashkilotga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Cheklovlar qatoriga multserialni ishlab chiqaruvchi «Animakkord» studiyasi rahbariyati va uning ijodkorlari ham kiritilgan. Bu haqda Ukraina prezidenti ofisi ma’lum qildi.
Sanksiya ro‘yxatiga kimlar kiritildi
Ukraina tomoni cheklovlar «Animakkord» studiyasiga, uning asoschisi va bosh direktoriga, shuningdek, multserial ssenariy muallifi, rejissyori va prodyuseriga taalluqli ekanini bildirgan.
«Qizaloq va maymoq» Rossiyada yaratilgan bo‘lsa-da, serial xalqaro miqyosda katta mashhurlikka erishgan. Uning ayrim epizodlari milliardlab marta tomosha qilingan.
Multserial Ukrainada avval ham tanqid qilingan
«Qizaloq va maymoq» Ukrainada bundan oldin ham siyosiy bahslar markazida bo‘lgan. 2025-yil kuzida Ukraina parlamentida multserialni mamlakat hududida namoyish qilishni cheklash masalasi ko‘tarilgan.
O‘sha paytda Ukraina Milliy politsiyasi sanksiyalar joriy etilsa, multserial translyatsiyasini cheklashga tayyorligini bildirgan. Ayrim ukrainalik rasmiylar serialda «imperiyachilik narrativlari» mavjudligini ta’kidlagan.
«Qizaloq va maymoq» YouTube’da rekord o‘rnatgan
«Qizaloq va maymoq» rus xalq ertagi asosida yaratilgan bo‘lib, Masha ismli qizaloq va Ayiqning sarguzashtlari haqida hikoya qiladi.
Serialning «Masha plyus kasha» nomli epizodi YouTube’da 4,6 mlrd martadan ko‘proq tomosha qilingan. Multserialning ayrim videolari esa dunyoning turli mamlakatlarida milliardlab ko‘rishlarga ega bo‘lgan.
Loyiha YouTube tarixidagi eng ko‘p tomosha qilingan animatsion kontentlardan biri sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga ham kiritilgan.
Netflix «Qizaloq va maymoq»ni 100 dan ortiq mamlakatlarda namoyish etadi
Multserialning xalqaro auditoriyasi hamon kengaymoqda. Iyun oyida Netflix «Qizaloq va maymoq»ning ikkita yangi mavsumini namoyish qilish huquqini sotib olgan. Kelishuv allaqachon chiqarilgan mavsumlar va spin-offlarni ham qamrab oladi.
Netflix serialni AQSh, Kanada, Fransiya, Portugaliya, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya hamda Yaqin Sharq va Lotin Amerikasi davlatlarida namoyish qilish huquqiga ega bo‘lgan.
Shu bilan birga, Estoniya hukumati Netflix’ning multserialni xarid qilganini tanqid qilgan. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Margus Tsaxkna «Qizaloq va maymoq»ni Rossiyaning «yumshoq kuchi» vositalaridan biri sifatida baholagan.
Avvalroq multfilmdagi bosh qahramonlardan biri bo‘lgan Maymoq biror marta ham gapirmagani haqida maqola berilgandi.