Texnikumlarda dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan korxonalarga 5 mlrd so‘mgacha kredit beriladi

eʼlon qilindi
Har 1 mlrd so‘m uchun 5 nafar o‘quvchi
Texnikum ochish uchun 20 dan ortiq litsenziya talabi bekor qilinadi
Foto: O‘zA

Texnikumlar bilan dual ta’limni tashkil etib, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlagan tashkilotlar 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit olishi mumkin. Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 20-avgustdagi qarori bilan belgilandi.

Kredit 7 yilga beriladi

Yangi tartibga ko‘ra, kredit 7 yil muddatga, shundan 2 yillik imtiyozli davr bilan ajratiladi. Foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foiz band yuqori bo‘ladi.

Har 1 mlrd so‘m uchun 5 nafar o‘quvchi

Kredit olish uchun tashkilot har 1 mlrd so‘m kredit hisobiga kamida 5 nafar o‘quvchini ikki o‘quv yili davomida dual ta’limga jalb qilishi kerak.

Bundan tashqari, har 1 mlrd so‘m uchun kamida 1 nafar bitiruvchini kamida bir yilga ish bilan ta’minlash talab etiladi.

Demak, maksimal 5 mlrd so‘mlik kredit uchun kamida 25 nafar o‘quvchini dual ta’limga jalb qilish va 5 nafar bitiruvchini ishga joylashtirish lozim.

Mablag‘ nimaga sarflanadi

Kreditni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, korxonalarni modernizatsiya qilish, eksportni qo‘llab-quvvatlash, qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini xarid qilish hamda raqamli va innovatsion loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirish mumkin.

O‘quvchilar korxonada amaliyot o‘taydi

Dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan tashkilotlar o‘quvchilar uchun ish joyi va ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etadi. Ularga malakali mutaxassislar «ustoz» sifatida biriktiriladi. Tashkilot o‘quvchilar bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzishi hamda ish haqi to‘lashi ham mumkin.

Investorlar buyurtmasi asosida kadrlar tayyorlanadi

2026/2027-o‘quv yilidan investorlar buyurtmasi asosida kadrlar tayyorlash to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi. Bunday guruhlarning o‘quv reja va dasturlariga investor taklifidan kelib chiqib, kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha 30 foizgacha o‘zgartirish kiritishga ruxsat beriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga o‘tkazish bo‘yicha yangi tartib tasdiqlangani haqida yozgandi.

Shuningdek