AQSh sudi O‘zbekiston va 74 ta davlatga joriy qilgan viza cheklovini bekor qildi

eʼlon qilindi
Sud siyosatni noqonuniy deb topdi
Viza
Foto: Goexploresclub

AQSh federal sudi O‘zbekiston ham kirgan 75 davlat fuqarolariga immigratsion vizalar berishni to‘xtatib qo‘ygan Tramp ma’muriyati siyosatini noqonuniy deb topdi. Reuters’ga ko‘ra, Manxettendagi federal sudya Jannet Vargas AQSh davlat kotibi Marko Rubio bunday umumiy cheklov joriy etish orqali qonunda berilgan vakolatdan tashqariga chiqqan, degan xulosaga keldi.

O‘zbekiston 75 davlat ro‘yxatiga kiritilgan edi

AQSh Davlat departamenti 2026-yil 21-yanvardan 75 davlat fuqarolariga immigratsion vizalar berishni vaqtincha to‘xtatgan edi. Rasmiy ro‘yxatda O‘zbekiston ham bor. Shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Armaniston, Rossiya, Braziliya, Pokiston, Bangladesh va boshqa davlatlar ushbu cheklovga tushgan.

Davlat departamenti o‘sha paytda mazkur mamlakatlardan keluvchi ayrim immigratsion viza talabgorlari AQShda davlat yordamiga muhtoj bo‘lib qolish xavfi yuqori ekanini sabab sifatida ko‘rsatgan edi.

Sud siyosatni noqonuniy deb topdi

21-avgust kuni chiqarilgan qarorda sudya Jannet Vargas immigratsion vizalarni faqat arizachining fuqaroligiga qarab umumiy tarzda berishni taqiqlash federal immigratsiya qonunchiligiga zid ekanini bildirdi.

Sud fikricha, Davlat departamenti siyosati konsullik xodimlarining immigratsion viza arizalarini qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqish vakolatiga aralashgan. Sudya ushbu siyosatni «ochiqdan-ochiq noqonuniy» deb baholadi.

Da’voni migrantlar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar kiritgan

Sud ishi Catholic Legal Immigration Network va African Communities Together tashkilotlari, shuningdek, immigratsion viza olishga ariza bergan shaxslar hamda xorijdagi oila a’zolarini AQShga olib kelish uchun homiylik qilayotgan amerikalik fuqarolar tomonidan qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp ma’muriyati 175 mingdan ortiq vizani bekor qilgani haqida xabar berilgandi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, aksariyat holatlar jinoyat, viza qoidalarini buzish, firibgarlik va milliy xavfsizlikka tahdidlar bilan bog‘liq.

Shuningdek