O‘zbekiston Markaziy banki fintex xab va venchur fondini tashkil etadi — Timur Ishmetov

O‘zbekiston Markaziy banki fintex (moliyaviy xizmatlarni texnologiya yordamida qulayroq va tezroq qilish) sohasidagi startaplarni qo‘llab-quvvatlash uchun Innovatsion xab va venchur fondi tashkil etadi. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 24-avgust kuni Toshkentda o‘tkazilayotgan Silk Road Finance & Technology Forum tadbirida ma’lum qildi.
Inkubatsiyadan tortib xalqaro investitsiyagacha
Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, Innovation xab startaplar uchun to‘liq rivojlanish davrini ta’minlashi kerak. Ya’ni xabda startaplar:
- dastlabki bosqichda rivojlantiriladi;
- biznesini tezroq o‘stirish bo‘yicha yordam oladi;
- yangi mahsulotlarini sinovdan o‘tkazadi;
- Markaziy bank tomonidan zarur tartibga solish masalalarida qo‘llab-quvvatlanadi;
- mahsulotini bozorga chiqarishga tayyorlanadi.
Xabning birinchi rezidentlarini qabul qilish 2026-yilning IV choragida boshlanishi rejalashtirilgan.
Startaplar uchun venchur fond ham tashkil etildi
Markaziy bank ixtisoslashgan venchur fondini ham tashkil qildi. Hozirda regulyator xalqaro fondlarni boshqaruvchi kompaniyalar bilan muzokaralar olib bormoqda.
Hozirda Markaziy bank xalqaro fondlarni boshqaruvchi kompaniyalar bilan muzokara olib bormoqda.
Markaziy bank rahbariyatining ta’kidlashicha, asosiy vazifalardan biri — xab va loyihalarning xalqaro bozorlarga chiqishi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishdir. Bu esa yirikroq investitsiyalar va xalqaro hammuassislarni (co-investors) jalb qilish imkonini beradi.
Regulyator rejasiga ko‘ra, ushbu infratuzilma fintex-kompaniyalarga nafaqat mamlakat ichida yangi mahsulotlarni ishga tushirish, balki ularni O‘zbekistondan tashqarida ham kengaytirish (masshtablash) imkonini beradi.
Fintexga $1 mlrd jalb qilish maqsadi
Qayd etish joiz, O‘zbekiston 2030-yilgacha fintex sektoriga $1 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilishni rejalashtirmoqda. Yangi moliyaviy mahsulotlarni rivojlantirish uchun regulyator Regulatory Sandbox 2.0 (innovatsion yechimlarni sinovdan o‘tkazish maydonchasi) va QFinex Quantum Test Bed loyihasini yaratmoqda.
Shuningdek, turizm sohasidagi startaplarni qo‘llab-quvvatlash uchun har yili 10 ta eng yaxshi g‘oya saralab olinadi va ularga 1 mlrd so‘m miqdorida subsidiya ajratiladi.
Avvalroq O‘zbekistonda yangi turizm xizmatlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etayotgan startaplar uchun subsidiya ajratish tartibi belgilangandi.