Mirziyoyev va Aliyev Buxoroda — foto

O‘zbekistonda davlat tashrifi bilan bo‘lib turgan Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev rafiqasi Mehribon Aliyeva bilan Buxoro shahriga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Buxoro xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonlarni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva kutib oldi. Mehmonlar uchun tantanali kutib olish marosimi tashkil qilindi. Unda milliy qo‘shiq va raqslar ijro etildi.

Prezidentlar Buxoroda uchrashadi
Tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevning muloqoti Buxoroda davom etadi. 24-avgust kuni davlat rahbarlari qadimiy shaharning tarixiy obidalari bilan tanishishi rejalashtirilgan. Shuningdek, prezidentlar Buxorodagi sanoat korxonalarining faoliyatini ko‘zdan kechirishi kutilmoqda.



Tashrifning ilk kuni
Ilhom Aliyev O‘zbekistonga 23-avgust kuni rafiqasi hamrohligida kelgandi. Ularni aeportda Shavkat Mirziyoyev va rafiqasi kutib oldi. Koʻksaroy qarorgohida Ilhom Aliyevni tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi. Birgalikda suratga tushilgandan soʻng oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilib, ularda ikki davlat strategik sheriklik hamda ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Oliy darajadagi muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlarni, xususan, Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomani imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi yangi qo‘shma loyihalarga start berildi. Shavkat Mirziyoyev «Geydar Aliyev» ordeni, Ilhom Aliyev «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi. OAV vakillari bilan uchrashuvda ikki davlat rahbarlari boʻlib oʻtgan muzokaralar yakunlari yuzasidan fikr bildirdi.
Avvalroq O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva va Ozarbayjon birinchi xonimi Mehribon Aliyeva Toshkentdagi «Oxun Guzar» shourumiga tashrif buyurib, o‘zbek xalqining to‘y va oilaviy marosimlariga oid an’analar bilan tanishgandi.