Mirziyoyev va Aliyev Buxoroning tarixiy obidalarini ziyorat qildi — foto

Shavkat Mirziyoyev va davlat tashrifi bilan mamlakatda bo‘lib turgan Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Buxoroning tarixiy obidalarini ziyorat qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yetakchilarga ularning rafiqalari hamrohlik qildi.
Mehmonlarga Buxoro tarixi haqida so‘zlab berildi
Tashrif Somoniylar maqbarasidan boshlandi. Mehmonlarga ushbu me’moriy yodgorlikning tarixi va o‘ziga xos jihatlari haqida ma’lumot berildi. Buxoroning tarixiy markazi 1993-yilda YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Shundan so‘ng prezidentlar ko‘p asrlar davomida Buxoroning siyosiy va ma’muriy markazi bo‘lib kelgan Ark qo‘rg‘onini ko‘zdan kechirdi.




Yetakchilar Poyi Kalon majmuasiga ham tashrif buyurdi. Uning tarkibiga XII asrda bunyod etilgan Kalon minorasi, Kalon masjidi va Mir Arab madrasasi kiradi.
Labi Hovuz majmuasida esa mehmonlarga Ko‘kaldosh madrasasi, Nodir Devonbegi madrasasi va xonaqohi tarixi haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, tashrif davomida xalq hunarmandchiligi namunalari va tarixiy obidalardagi badiiy bezaklar namoyish etildi.







Ozarbayjon delegatsiyasiga Buxoroning Buyuk Ipak yo‘lidagi yirik ilm-fan, ta’lim va savdo markazlaridan biri sifatidagi o‘rni haqida ham so‘zlab berildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mirziyoyev va Aliyev Buxoroda ekani haqida yozgandi.