O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida qanday hujjatlar imzolandi

eʼlon qilindi
Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida qanday hujjatlar imzolandi
Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev oliy darajadagi muzokaralar yakunida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Shuningdek, savdo, investitsiya, turizm, madaniyat, pensiya ta’minoti va boshqa yo‘nalishlarda qator ikki tomonlama hujjatlar qabul qilindi.

Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma

Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Ozarbayjon prezidentlari Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomani hamda Oliy davlatlararo kengash uchinchi yig‘ilishining qarorini imzoladi.

Foto: prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev ushbu shartnomani sammitning eng muhim natijasi deb atadi. Uning ta’kidlashicha, hujjat ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, mavjud imkoniyatlarni kengaytirish va umumiy kelajakni birgalikda barpo etishga xizmat qiladi.

«Ozarbayjon — ishonchli ittifoqchimiz, strategik sherigimiz va bizga qardosh davlat», — dedi O‘zbekiston prezidenti.

Savdo va investitsiya bo‘yicha yangi kelishuvlar qabul qilindi

Davlat rahbarlari huzurida iqtisodiy hamkorlikka oid bir qator hujjatlar ham imzolandi. Ular orasida 2030-yilga qadar O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini $1 mlrdga yetkazish bo‘yicha dastur bor.

Shuningdek, investitsiya va savdo sohasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasi qabul qilindi.

Tomonlar energetika, geologiya, kimyo, qurilish, moliya, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda yangi qo‘shma loyihalarni rivojlantirishga kelishib oldi.

Pensiya, turizm va madaniyat sohalarida ham bitimlar tuzildi

Foto: prezident matbuot xizmati

Muzokaralar yakunida pensiya ta’minoti sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi. Bundan tashqari, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha alohida bitimlar qabul qilindi.

Tashqi ishlar vazirliklari va Adliya vazirliklari o‘rtasida 2027–2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturlari ham imzolandi.

Kinologiya sohasida tajriba almashish va hamkorlik qilish to‘g‘risida memorandum qabul qilindi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon shaharlari birodarlashadi

Hududlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish maqsadida bir nechta shaharlar o‘rtasida birodarlik munosabatlarini o‘rnatish bo‘yicha bayonnomalar imzolandi.

Urganch va Xonkendi, Buxoro va Lochin, shuningdek, Urganch va Naxchivon shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalari yo‘lga qo‘yiladi.

Tomonlar hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy va turistik hamkorlikni ham kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Tovar ayirboshlash hajmini $1 mlrdga yetkazish rejalashtirilmoqda

Muzokaralarda iqtisodiy masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Foto: prezident matbuot xizmati

Davlat rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini $1 mlrdga yetkazish imkoniyatlarini muhokama qildi. Bu maqsadga erishish uchun aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan dastur tasdiqlandi.

Sanoat kooperatsiyasida yangi yo‘nalishlar belgilandi. Bir necha yil avval tashkil etilgan O‘zbekiston–Ozarbayjon investitsiya jamg‘armasi ham yangi loyihalarni moliyalashtirishda muhim vosita bo‘lib qoladi.

Transkaspiy yo‘nalishini rivojlantirish rejalashtirilmoqda

Transport va logistika ham ikki tomonlama hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.

Tomonlar Transkaspiy transport koridorini birgalikda rivojlantirish, logistika infratuzilmasi samaradorligini oshirish va yuk tashish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha ishlarni davom ettiradi.

Shuningdek, parlamentlar, hukumatlar, vazirlik va idoralar hamda hududlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada faollashtirishga kelishib olindi.

Madaniy va sport loyihalari ham kengaytiriladi

Foto: prezident matbuot xizmati

Hamkorlik faqat iqtisodiyot bilan cheklanmaydi. Yil yakunigacha O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati kunlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Ozarbayjonda ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi bo‘lib o‘tadi.

Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy merosiga bag‘ishlangan qo‘shma badiiy film suratga olish ham rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, FIFA qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston va Ozarbayjon kelasi yili futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga birgalikda mezbonlik qiladi. Shu munosabat bilan «Ikki mamlakat — bir chempionat» dasturini amalga oshirishga kelishib olindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlangani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek