O‘zbekiston va Ozarbayjonning birinchi xonimlari uchrashdi — foto

O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva va Ozarbayjon birinchi xonimi Mehribon Aliyeva Toshkentdagi «Oxun Guzar» shourumiga tashrif buyurib, o‘zbek xalqining to‘y va oilaviy marosimlariga oid an’analar bilan tanishdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining rafiqasi o‘z Telegram kanalida xabar berdi.
Madaniy dastur davomida Ozarbayjon birinchi xonimiga kelin sarposini tayyorlash, so‘zana tikish, to‘y marosimlari, kelinni kuyov xonadoniga kuzatish, «kelin salom» va «beshik to‘yi» kabi o‘zbek an’analari namoyish etildi. Shuningdek, an’anaviy ona allasi ham ijro etildi.

Tadbirda o‘zbek hunarmandchiligi an’analarini zamonaviy talqinda davom ettirayotgan mahalliy brendlar mahsulotlari ham namoyish qilindi. Mehmonlar milliy naqshlar, hunarmandchilik buyumlari va o‘zbek madaniyatini aks ettiruvchi dizaynlar bilan tanishdi.

Birinchi xonimlar Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Qo‘shma dastur doirasida Ziroat Mirziyoyeva va Mehribon Aliyeva Islom sivilizatsiyasi markaziga ham bordi.

Ular markazdagi «Islomgacha bo‘lgan sivilizatsiyalar» zali, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar hamda «Yangi O‘zbekiston» zali bilan tanishdi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi tarixiy va madaniy aloqalarni aks ettiruvchi eksponatlar ko‘zdan kechirildi.
Tashrif yakunida Birinchi xonimlar markazning ma’naviy va me’moriy markazi hisoblangan «Qur’on zali»ga kirdi. Bu yerda VII asrga oid noyob Usmon Mushafi namoyish etilgan. Qo‘lyozma UNESCO’ning «Jahon xotirasi» xalqaro reyestriga kiritilgan.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi madaniy aloqalar muhokama qilindi
Samimiy suhbat davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi gumanitar va madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarini mushtarak tarix, madaniy an’analar va ma’naviy qadriyatlar birlashtirib turishi ta’kidlandi.

Tashrif davomida namoyish etilgan o‘zbek oilaviy marosimlari ham ikki xalqning oila, kattalarga hurmat, farzand tarbiyasi va milliy qadriyatlarga bo‘lgan munosabatidagi o‘xshash jihatlarni ko‘rsatdi.
Eslatib o‘tamiz, Ilhom Aliyev rafiqasi hamrohligida 23-avgust kuni davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelgandi. Tashrif O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan amalga oshirilgan.