O‘zbekistonda xususiylashtirishdan tushum 77,6 trln so‘mga yetdi

O‘zbekistonda 2020 – 2025-yillarda davlat aktivlarini xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar 77,6 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lum qildi.
Taqqoslash uchun, 2020-yilgacha bo‘lgan o‘n yil davomida xususiylashtirishdan jami 1,1 trln so‘m tushgan.
Davlat korxonalari soni 61 foizga kamaydi
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, 2021 – 2025-yillarda «sot yoki tushuntir» tamoyili asosida davlat ishtirokidagi korxonalar soni 61 foizga qisqartirildi.
So‘nggi yillarda yirik davlat aktivlarini xususiy investorlarga sotish bo‘yicha bir qator bitimlar ham amalga oshirildi. Xususan, Coca-Cola Uzbekistan $252 mln, «Ipoteka-bank» $324 mln evaziga xususiylashtirildi. Samarqand avtomobil zavodidagi 75,2 foizlik davlat ulushi esa $80 mln ga sotildi.
1,2 mln dan ortiq obyekt «E-auksion» orqali sotildi
Bugungi kungacha «E-auksion» elektron savdo platformasida qariyb 1,5 mln obyekt savdoga qo‘yilgan. Ularning 1,2 mln dan ortig‘i realizatsiya qilingan.
Davlat aktivlarini sotib olishda tadbirkorlarga qiymatni bo‘lib to‘lash, ayrim hollarda chegirmalardan foydalanish hamda mulkni keyinchalik sotib olish huquqi bilan uzoq muddatli ijaraga olish imkoniyatlari ham yaratilgan.
Yer uchastkalari savdosi ham oshmoqda
2022 – 2025-yillarda mulk yoki ijara huquqi asosida auksion orqali sotilgan yer uchastkalari hajmi qariyb to‘rt baravarga oshgan.
2026-yilning birinchi yarmida 1,8 ming gektar yer realizatsiya qilindi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarni xususiylashtirish bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari 2022-yildagiga nisbatan qariyb besh baravar ko‘paygan.
2030-yilgacha nodavlat sektor ulushi 85 foizga yetkaziladi
Hukumat 2030-yilgacha iqtisodiyotda nodavlat sektor ulushini 85 foizga yetkazishni rejalashtirmoqda. Shu davrda davlat ishtirokidagi korxonalar sonini qariyb olti baravarga qisqartirish ko‘zda tutilgan.
Davlat aktivlarini boshqarish tizimidagi islohotlar xususiy kapital ulushini oshirish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish va investorlarga yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eski shahardagi davlat mulki 68 mlrd so‘mdan auksionga qo‘yilgani haqida yozgandi.