Qaysi Ozarbayjon kompaniyalari O‘zbekistonga kirmoqda

O‘zbekistonda Ozarbayjon kompaniyalari ishtirokidagi bir qator yangi loyihalar ishga tushirildi va yana bir nechta obyekt qurilishiga start berildi. 23-avgust kuni Toshkentda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev loyihalarning ochilish va tamal toshi qo‘yish marosimlarida onlayn formatda ishtirok etdi. Bu haqda Ozarbayjon prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
«Davr bank», gips zavodi va ikkita STEAM maktabi ochildi
Tadbir doirasida Ozarbayjon xalqaro banki ishtirokidagi «Davr bank» loyihasi rasman ochildi. Shuningdek, Ozarbayjonning «Matanat-A» kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan gips zavodi ishga tushirildi.
Landau Education Group esa O‘zbekistonda fizik Lev Landau nomidagi ikkita STEAM maktabini ochdi. Ushbu ta’lim muassasalarida fan, texnologiya, muhandislik va matematika yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratilishi ko‘zda tutilgan.
SOCAR O‘zbekistonda beshta yangi AYQSH quradi
Marosim davomida SOCAR kompaniyasining O‘zbekistonda beshta yangi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasini qurish loyihasiga ham start berildi.
Shuningdek, Agalarov Development kompaniyasining Sea Breeze Uzbekistan turar joy va dam olish majmuasi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.
TuranAZ kompaniyasi esa Baku City turar joy majmuasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Kumushni qayta ishlash va mevali bog‘lar loyihalari ham boshlanadi
Ozarbayjon investorlari ishtirokida sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida ham yangi loyihalar amalga oshiriladi. Sur Gold and Silver Project doirasida tarkibida kumush bo‘lgan rudani qayta ishlash va boyitish fabrikasi qurilishi boshlanadi.
Gold Fresh Fruits kompaniyasi esa O‘zbekistonda mevali bog‘lar barpo etish loyihasini amalga oshiradi. Davlat rahbarlari ushbu loyihalarning ochilish va tamal toshi qo‘yish marosimlarida masofadan turib qatnashdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangi Toshkentda 4 gektarlik «Ozarbayjon» bog‘i barpo etilishi haqida xabar berilgandi. Unda Ozarbayjonning madaniyati, ko‘p asrlik tarixi va milliy an’analarini aks ettiradigan zamonaviy jamoat makoni yaratiladi.
Loyiha ikki tomonlama tashabbus hisoblanadi. Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi vaqtida Boku shahrining «Oq shahar» hududida «O‘zbekiston» bog‘iga tamal toshi qo‘yilgan edi.