Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlandi

Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevni ikki davlatning oliy mukofotlari bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ilhom Aliyevga O‘zbekistonning «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni, Shavkat Mirziyoyevga esa Ozarbayjonning «Haydar Aliyev» ordeni topshirildi.
Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyevga mamlakatning oliy davlat mukofoti — «Oliy Darajali Do‘stlik» ordenini topshirdi.

Davlat rahbari bu mukofot Ozarbayjon prezidentining ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan hissasiga berilgan yuksak baho ekanini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyev otasi Haydar Aliyev boshlagan ishlarni munosib davom ettirayotgani, uning rahbarligida Ozarbayjon iqtisodiy va xalqaro maydonda katta natijalarga erishayotganini qayd etdi.
Shuningdek, Ilhom Aliyevning O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish va ittifoqchilik munosabatlarini shakllantirishdagi hissasi alohida e’tirof etildi.
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordenini oldi

Marosim davomida Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonning oliy davlat mukofoti — «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi. Mukofotni unga Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev topshirdi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu ordenni ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lidagi qo‘shma sa’y-harakatlarga berilgan yuksak baho sifatida qabul qilishini bildirdi.
«Mazkur orden men uchun alohida ahamiyatga ega. Unga butun umrini Vataniga xizmat qilishga bag‘ishlagan ulug‘ davlat arbobi Haydar Aliyevich Aliyevning nomi berilgan», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
U Haydar Aliyev O‘zbekiston tarixi va madaniyatini yuksak qadrlagani hamda ikki xalqning yaqinlashuviga katta hissa qo‘shganini ham ta’kidladi.
Tomonlar O‘zbekiston va Ozarbayjon kelgusida ham barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishi va ikki xalq o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlarini yangi mazmun bilan boyitishiga ishonch bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ilhom Aliyev O‘zbekistonda qanday kutib olingani haqida ma’lumot berilgandi.