Toshkent moliya markazi istalgan valyutadagi bitimlar uchun eshiklarni ochadi

Toshkent xalqaro moliya markazida (TIFC) istalgan valyutada, shu jumladan xorijiy davlatlarning milliy valyutalarida bitimlar tuzish mumkin bo‘ladi, dedi O‘zbekiston prezidenti ma’muriyati loyihalari koordinatori Nodirjon Jo‘rayev 24-avgust kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Silk Road Finance&Technology Forumning ochilishida.
Banklar milliy valyutalarda ishlashi mumkin bo‘ladi
Jo‘rayevning so‘zlariga ko‘ra, bunday imkoniyat TIFCga Xitoy, Singapur, Yaponiya va boshqa mamlakatlarning vakil banklarini jalb qilish imkonini beradi. Ular operatsiyalarni bevosita o‘z milliy valyutalarida amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.
Markazning huquqiy bazasi kriptovalyutadan ayirboshlash vositasi sifatida foydalanish imkoniyatini ham nazarda tutadi.
Jo‘rayev chet ellik ishtirokchilar uchun soliq shartlarini alohida ta’kidladi. Ular uchun TIFC doirasida nol soliq rejimi ko‘zda tutilgan. Bunda ishtirokchilarga jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha talablar tatbiq etiladi.
TIFCning rivojlanishi O‘zbekistonning mamlakatni mintaqaviy moliyaviy va texnologik markazga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli rejalariga mos keladi. Silk Road Finance & Technology Forum doirasida Markaziy bank fintex ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarni, jumladan, Innovation xab, venchur fondi va yangi moliyaviy yechimlarni sinovdan o‘tkazish uchun infratuzilmani taqdim etdi.
Forumning o‘zi 24–26-avgust kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tmoqda va O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan Global Finance & Technology Network (GFTN) bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Uning dasturida ochiq banking, raqamli aktivlar va steyblkoinlar, transchegaraviy to‘lovlar, islomiy moliya, innovatsiyalar va investitsiyalar mavjud.
Bundan tashqari, O‘zbekiston 2030-yilgacha fintech sohasiga $1 milliard xorijiy sarmoya jalb qilishni rejalashtirmoqda. Yangi moliyaviy mahsulotlarni rivojlantirish uchun regulyator Regulatory Sandbox 2.0 — innovatsion yechimlarni sinovdan o‘tkazish maydonchasini, shuningdek, QFinex Quantum Test Bed’ni yaratmoqda.