
Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodrigesning nikohidan ko‘p o‘tmay, ularning oilasida yana bir muhim o‘zgarish yuz bergani haqida xabarlar tarqaldi. Bu haqda Portugaliya matbuotiga tayanib HOLA nashri xabar berdi.
Portugaliya OAViga ko‘ra, Rodriges futbolchining uch nafar katta farzandi – Krishtianu Junior, Eva Mariya va Mateoni qonuniy ravishda asrab olgan.
Hozircha Ronaldu va Rodrigesning o‘zi ushbu ma’lumotni rasman tasdiqlamagan.
Jorjina yillar davomida ularni o‘z farzandidek tarbiyalagan
Krishtianu Junior 2010-yilda, egizaklar Eva Mariya va Mateo esa 2017-yilda tug‘ilgan. Jorjina futbolchi bilan munosabat boshlaganidan buyon uning katta farzandlari tarbiyasida ham faol qatnashib keladi.

U ijtimoiy tarmoqlarda ham oiladagi barcha bolalarga birdek munosabatda ekanini ko‘p bora ko‘rsatgan. Shu sababli, farzandlikka olish haqidagi xabar tasdiqlansa, bu avvaldan mavjud bo‘lgan oilaviy rishtalarning huquqiy jihatdan ham mustahkamlanishini anglatadi.
Jorjina va Ronalduning ikki nafar qizi — Alana Martina va Bella Esmeralda bor. 2022-yilda tug‘uruq vaqtida Bellaning egizak akasi Anxel vafot etgan edi.
Jarayon sir tutilgani aytilmoqda
Portugaliya nashrlarining yozishicha, farzandlikka olish bilan bog‘liq hujjatlar jamoatchilik e’tiboridan chetda rasmiylashtirilgan. Agar ma’lumot tasdiqlansa, Jorjina Ronalduning uch katta farzandiga nisbatan ham to‘liq qonuniy ota-onalik huquqlariga ega bo‘ladi.
Bu qaror juftlikning avgust oyidagi nikohidan ko‘p o‘tmay qabul qilingani aytilmoqda.
Juftlik qariyb o‘n yildan beri birga

Ronaldu va Jorjinaning munosabatlari 2016-yilda ommaga ma’lum bo‘lgan. O‘sha paytda Rodriges Madridda Gucci do‘konida ishlagan, Ronaldu esa «Real Madrid» safida to‘p tepardi.
Oradan qariyb o‘n yil o‘tib, juftlik 2026-yil 11-avgustda Portugaliyada tor doiradagi marosimda turmush qurdi. Endilikda esa ularning uzoq yillardan beri shakllanib kelgan oilaviy munosabatlari huquqiy jihatdan ham yangi bosqichga chiqqani haqida xabar qilinmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jorjina Rodriges to‘yida 70 mln dollarlik taqinchoqlar taqqani haqida yozgandi.