Yangi Toshkentda 4 gektarlik «Ozarbayjon» bog‘i barpo etiladi

eʼlon qilindi
Bog‘ Ozarbayjon madaniyati va tarixini aks ettiradi
Yangi Toshkentda 4 gektarlik «Ozarbayjon» bog‘i barpo etiladi
Foto: prezident matbuot xizmati

Yangi Toshkentda 4 gektar maydonda «Ozarbayjon» bog‘i barpo etiladi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bo‘lajak bog‘ hududiga ramziy kapsula joylashtirib, loyihani amalga oshirishga start berdi.

Bog‘ Ozarbayjon madaniyati va tarixini aks ettiradi

«Ozarbayjon» bog‘i Yangi Toshkentdagi 4 gektar hududda tashkil etiladi. Unda Ozarbayjonning madaniyati, ko‘p asrlik tarixi va milliy an’analarini aks ettiradigan zamonaviy jamoat makoni yaratiladi.

Loyiha ikki tomonlama tashabbus hisoblanadi. Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi vaqtida Boku shahrining «Oq shahar» hududida «O‘zbekiston» bog‘iga tamal toshi qo‘yilgan edi.

Bokudagi bog‘ 4,5 gektar maydonni egallaydi. Unda O‘zbekistonning milliy me’morchiligi, tarixiy obidalari timsollari, yashil hududlar va sayr maskanlari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Ilhom Aliyev Yangi Toshkent loyihasi bilan tanishdi

Foto: prezident matbuot xizmati

Tashrif davomida Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasida ham bo‘ldi. Ozarbayjon prezidentiga yangi shaharning bosh rejasi, qurilish jarayonlari, transport va muhandislik infratuzilmasi hamda kelgusidagi rivojlanish rejalari taqdim etildi.

Yangi Toshkent 20 ming gektar maydonda barpo etilib, istiqbolda 2 mln aholi yashashi uchun mo‘ljallangan. 2034-yilgacha shaharda 200 mingta xonadon qurish rejalashtirilmoqda.

Yangi Toshkent loyihasi
Foto: prezident matbuot xizmati

Loyihaning 6 ming gektarlik birinchi bosqichida turar joylar, ijtimoiy va biznes obyektlari, ta’lim hamda madaniyat maskanlari bunyod etilmoqda.

Shaharni qurishda «yashil shahar» va energiya samaradorligi tamoyillariga e’tibor qaratiladi. Metro liniyasi, yangi ko‘priklar, piyodalar va velosiped yo‘laklari Yangi Toshkentni poytaxtning mavjud hududlari bilan bog‘lashi rejalashtirilgan.

Nizomiy nomidagi universitetning yangi kampusi ochildi

Foto: prezident matbuot xizmati

Prezidentlar Yangi Toshkentda Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusini ham ochdi.

40 gektar maydonda barpo etilayotgan kampus jami 20 ming talaba uchun mo‘ljallangan. Bu yerda 5 ming o‘rinli talabalar turar joylari ham tashkil etiladi.

Foto: prezident matbuot xizmati

Birinchi bosqichda 12 ming o‘rinli besh qavatli o‘quv binosi va zamonaviy laboratoriya majmuasi qurildi.

Davlat rahbarlari kampusdagi axborot-resurs markazi va Nizomiy Ganjaviy merosiga bag‘ishlangan muzey bilan tanishdi. Shuningdek, ular Nizomiy Ganjaviy haykali yonida daraxt ekdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida qanday hujjatlar imzolangani haqida ma’lumot berilgandi.

Shuningdek