Foydalanilgan Chevrolet Cobalt sotib olishga arziydimi

25-avgust 2026 17:16 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Ishlatilgan Chevrolet Cobalt sotib olishga arziydimi
Foto: Chevrolet

Chevrolet Cobalt ikkilamchi bozorda nisbatan arzon narxi, keng saloni, tejamkorligi va xizmat ko‘rsatishning soddaligi bilan ajralib turadi. Biroq uzoq muddat foydalanilgan avtomobillarda ayrim texnik muammolar ham uchrashi mumkin. 110km nashri 2013-yilgi Cobalt egasining tajribasi modelning asosiy afzallik va kamchiliklarini ko‘rsatib berdi.

Keng salon va yumshoq osma

Foto: Kolesa.kz

Gap 1,5 litrli, 106 ot kuchiga ega dvigatel va olti pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan Chevrolet Cobalt LT haqida bormoqda. Avtomobilning uzunligi qariyb 4,5 metr, og‘irligi esa 1,2 tonnani tashkil etadi.

Haydovchi o‘rindig‘ining balandligini sozlash mumkinligi avtomobilni turli bo‘ydagi haydovchilar uchun qulay qiladi. 160 millimetrlik yo‘l oralig‘i esa notekis yo‘llar, chuqurchalar va bordyurlardan o‘tishda yordam beradi. Yumshoq osma yo‘ldagi notekisliklarni yaxshi yutadi.

Cobalt salonida orqa o‘rindiqlarda ham joy yetarli. Baland bo‘yli yo‘lovchilar uchun oyoq va bosh qismida yetarlicha bo‘shliq mavjud. Orqa o‘rindiqlarni buklab, uzun buyumlarni tashish ham mumkin.

Salonning asosiy kamchiliklaridan biri — plastik detallarning oson tirnalishi. Bundan tashqari, avtomobilning shovqin izolyatsiyasi kuchli emas. Yo‘l va g‘ildiraklardan keladigan ovoz, ayniqsa yuqori tezlikda, salonda ancha yaxshi eshitiladi.

Yonilg‘i sarfi va katta bagaj

Cobalt
Foto: Avtoelon

Cobaltning kuchli tomonlaridan yana biri katta bagaj. U oilaviy safarlar yoki ko‘p yuk tashishda qulaylik yaratadi. Avtomobil 750 kilogrammgacha bo‘lgan tirkamani ham tortishi mumkin.

Egasi tajribasiga ko‘ra, avtomobil 100 kilometrga o‘rtacha 6–7 litr yonilg‘i sarflaydi. Bu Cobaltni kundalik foydalanish uchun nisbatan tejamkor avtomobillardan biriga aylantiradi.

Salon isitish tizimi tez ishlaydi, konditsioner ham issiq havoda yetarlicha samarali. Audio tizim esa oddiy komplektatsiyada ham qoniqarli ovoz beradi.

Ishlatilgan Cobaltda qanday muammolar uchrashi mumkin

Автоэксперт назвал 10 главных недостатков Chevrolet Cobalt
Foto: SI

Uzoq muddat foydalanilgan Chevrolet Cobaltda ayrim ehtiyot qismlarni almashtirishga to‘g‘ri keladi. Masalan, gidravlik rul kuchaytirgichi shlangi nisbatan zaif bo‘lib, foydalanishning dastlabki yillaridayoq ishdan chiqishi mumkin.

2013-yilgi avtomobil 108 ming kilometr masofa bosgach, stabilizator ustunlari, dvigatel tayanchlari, g‘ildirak podshipniklari va tirsakli val salnigi kabi qismlar almashtirilgan. Keyinchalik amortizator ustunlari, sharli tayanchlar, tormoz disklari va barabanlarini ham yangilash zarurati paydo bo‘lgan.

Ba’zan pechka ventilyatoridan hushtakka o‘xshash ovoz chiqishi, nam ob-havoda esa oynalar terlab qolishi mumkin. Bunday holatda isitish yoki konditsioner tizimidan foydalanish muammoni kamaytiradi.

Ehtiyot qismlar bozorda yetarlicha, biroq original detallar qimmatroq. Muqobil ishlab chiqaruvchilarning ehtiyot qismlari esa odatda arzonroq narxda taklif etiladi.

To‘liq yuklanganda dinamika pasayadi

2026-yilda Chevrolet Cobalt sotib olishga arziydimi
Foto: Olx

Cobaltning 1,5 litrli dvigateli kundalik shahar qatnovlari uchun yetarli. Ammo avtomobilga bir necha yo‘lovchi va yuk ortilganda tezlanish sezilarli darajada sustlashadi.

120 km/soatdan yuqori tezlikda esa avtomobilning barqarorligi va yo‘l bilan ilashishi haydovchidan ko‘proq ehtiyotkorlikni talab qiladi. Shu sababli Cobalt yuqori tezlik va faol haydashni yoqtiradiganlar uchun eng yaxshi tanlov bo‘lmasligi mumkin.

Umuman olganda, ishlatilgan Chevrolet Cobalt keng salon, katta bagaj, kam yonilg‘i sarfi va xizmat ko‘rsatishning nisbatan soddaligi hisobiga oilaviy avtomobil sifatida o‘zining asosiy ustunliklarini saqlab qoladi. Biroq yoshi katta avtomobilni sotib olishdan oldin osma, rul boshqaruvi, tormoz tizimi va avtomatik uzatmalar qutisini alohida tekshirtirish maqsadga muvofiq.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangi Chevrolet Traverse qancha yuk torta olishi haqida ma’lumot berilgandi. Uch qatorli krossover tegishli jihozlar bilan 5 ming funt, ya’ni qariyb 2,27 tonnagacha og‘irlikdagi tirkamani torta oladi. 

Shuningdek