O‘zbekiston gaz sizib chiqishiga qarshi kurash uchun 10,6 mln dollar grant oldi

O‘zbekistonda gaz yo‘qotishlarini kamaytirish va gaz tashish infratuzilmasidagi muammolarni bartaraf etish uchun yangi loyiha amalga oshiriladi. Buning uchun Jahon banki mamlakatga $10,6 mln grant ajratdi.
Loyiha doirasida «O‘ztransgaz» infratuzilmasidagi gaz sizib chiqayotgan nuqtalarni aniqlash va ularni ta’mirlashga e’tibor qaratiladi.
Mingdan ortiq muammoli nuqta aniqlangan
O‘tkazilgan tahlillar mamlakat bo‘ylab «O‘ztransgaz» obyektlarida 1 mingdan ortiq gaz sizib chiqishi mumkin bo‘lgan nuqta mavjudligini ko‘rsatgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu nosoz joylardan har yili 35 mln kub metrga yaqin gaz yo‘qolmoqda.
Grantning asosiy qismi infratuzilmaga sarflanadi
Ajratilgan mablag‘larning $9,6 mln qismi gaz yo‘qotishlarini bevosita kamaytirishga yo‘naltiriladi.
Yana $500 ming gaz sizib chiqishini aniqlash va monitoring qilish bo‘yicha mutaxassislar salohiyatini oshirishga sarflanadi. Shuningdek, loyiha guruhini shakllantirish va xorijiy ekspertlarni jalb etish uchun $500 ming ajratiladi.
Loyiha Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda «O‘ztransgaz» ishtirokida amalga oshiriladi.
Tejalgan mablag‘lar qayta yo‘naltiriladi
Gaz sizib chiqishlarini bartaraf etish natijasida tejaladigan mablag‘lar ham loyiha doirasida qayta investitsiya qilinadi.
Ular gaz yo‘qotishlarini nazorat qilish va monitoring tizimlarini takomillashtirish, gaz tashish infratuzilmasini modernizatsiyalash hamda xodimlar samaradorligini oshirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy Osiyoda suv sanoati uchun $20 mln grant ajratilishi haqida yozgandi.