O‘zbekistonda qimorni reklama qilgan 50 dan ortiq sayt bloklandi

O‘zbekistonda 2026-yilning birinchi yarmida qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni targ‘ib qilgan 50 dan ortiq saytga cheklov qo‘yildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, hisobot davrida jami 76 ta veb-sayt bo‘yicha ularni bloklash choralarini ko‘rish yuzasidan vakolatli davlat organlariga murojaatlar yuborilgan.
6 mingga yaqin qonunbuzilish aniqlangan
Reklama bozorini nazorat qilish doirasida yilning dastlabki olti oyida 13,5 mingdan ortiq o‘rganish amalga oshirilgan. Ularning qariyb 6 mingtasida qonunchilik talablariga zid holatlar aniqlangan.
Jumladan, 545 ta dori vositasi va biologik faol qo‘shimcha reklamasining 51 tasi belgilangan talablarga mos kelmagan. Shuningdek, qariyb 250 ta holat o‘rganilganda 54 tasida tamaki mahsulotlari, alkogol, elektron sigaret va pivo kabi reklama qilinishi taqiqlangan mahsulotlar targ‘ib qilingani aniqlangan.
Totalizatorva bukmekerlik xizmatlariga oid reklamalar bo‘yicha ham monitoring o‘tkazilgan. 165 ta monitoring oqibatida 82 ta qonunbuzilish holati qayd etilgan.
Ijtimoiy tarmoqlardagi tekshiruvlar davomida esa katta auditoriyaga ega sahifalarda qimor va bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qiluvchi videolar joylashtirgan 3 nafar bloger aniqlangan. Ularga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
83 ta subyektga chora ko‘rilgan
Aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan 83 ta subyektga nisbatan tegishli ta’sir choralari qo‘llangan.
Bundan tashqari, ayrim dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqaruvchi hamda realizatsiya qiluvchi kompaniyalar reklamasida milliy va oilaviy qadriyatlar, axloq va ma’naviyatning umum e’tirof etilgan me’yorlariga zid shakl, ibora va obrazlardan foydalanilgani ham aniqlangan.
Qo‘mita ushbu reklama materiallarini o‘rgangan va vakolatli davlat organidan tegishli ekspert xulosasini olgan. Xulosada rolik mazmuni va undagi tasvirlar axloq hamda ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid ekani qayd etilgan.
Umuman, reklama materiallari bo‘yicha ekspertiza va tahlillar davomida 18 mingdan ortiq reklama ko‘rib chiqilgan. Ularning 25 foizi reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga mos emasligi yuzasidan xulosa berilgan.
10 mingga yaqin ogohlantirish yuborilgan
Qo‘mita 2026-yil davomida OAV, Telegram guruhlari va kanallari, «.uz» domenidagi veb-saytlar ma’muriyati, reklama agentliklari, reklama beruvchilar, tayyorlovchilar, tarqatuvchilar va buyurtmachilarga qonunchilik talablariga rioya qilish yuzasidan 10 mingga yaqin ogohlantirish va so‘rov yuborgan.
Amaldagi «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 46-moddasiga ko‘ra, qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni, shu jumladan, internet va telekommunikatsiya tarmoqlari orqali tashkil etiladigan bunday o‘yinlarni reklama qilish taqiqlangan.
Ma’lumot uchun, 2025-yilda O‘zbekistonda bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qilgan 70 ga yaqin sayt ham bloklangan edi.
Avvalroq, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) O‘zbekistonda ilk bor bukmekerlik faoliyati va internetda tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish uchun litsenziyalar bergandi.