O‘zbekistonda yangi pensionerlarning 61 foizi to‘liq stajsiz qolmoqda

O‘zbekistonda pensiyaga chiqayotgan fuqarolar orasida yetarli ish stajini to‘play olmaganlar ulushi keskin oshdi. 2025-yilda yangi tayinlangan pensiyalarning 61 foizi to‘liq bo‘lmagan ish staji asosida hisoblangan. 2010-yilda bu ko‘rsatkich atigi 6 foiz edi, deya ma’lum qildi Pensiya jamg‘armasi.
Shu tariqa so‘nggi 15 yil ichida yangi pensionerlar orasida to‘liq stajga ega bo‘lmaganlar ulushi qariyb o‘n baravar ko‘paygan.
To‘liq pensiya uchun qancha staj kerak
Amaldagi tartibga ko‘ra, erkaklar yoshga doir pensiya olish uchun 60 yoshga to‘lishi va kamida 25 yillik, ayollar esa 55 yoshga to‘lishi hamda kamida 20 yillik ish stajiga ega bo‘lishi kerak. Yetarli staj to‘planmagan, biroq kamida yetti yil ishlagan fuqarolarga pensiya mavjud stajiga mutanosib ravishda tayinlanadi.
Muammo nafaqat yangi pensiya olayotganlar orasida kuzatilmoqda. Umumiy pensionerlar tarkibida ham to‘liq ish stajiga ega bo‘lmaganlar ulushi 2010-yildagi 3 foizdan 2025-yilda 39 foizgacha yetgan.
Norasmiy mehnat pensiya miqdoriga ta’sir qilmoqda
Pensiya jamg‘armasi bu tendensiyani bir qator omillar bilan izohlamoqda. Ular orasida norasmiy ishlash, maoshning bir qismini «konvert»da olish, ijtimoiy soliq to‘lanmasligi va mehnat faoliyatini tasdiqlovchi hujjatlarning saqlanmaganligi bor.
Shuningdek, ayrim fuqarolarning mehnat faoliyatida rasmiy bandlik bilan tasdiqlanmagan uzoq tanaffuslar bo‘lishi ham keyinchalik pensiya hisob-kitobiga ta’sir qilmoqda.
Rasmiy ishlangan va ish haqi hisoblangan davrlar, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkor, o‘zini o‘zi band qilgan yoki xorijda ishlagan shaxs tomonidan tegishli ijtimoiy soliq to‘langan davrlar pensiya stajiga qo‘shiladi.
Pensionerlarning qariyb yarmi 1 mln so‘mgacha olgan
Jamg‘arma keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, pensionerlarning 47 foiziga 820 ming so‘mdan 1 mln so‘mgacha pensiya to‘langan. Pensiya miqdoriga fuqaroning rasmiy ish staji, hisobga olingan ish haqi va ijtimoiy soliq to‘lovlari ta’sir qiladi.
Shu bilan birga, 2026-yil 1-iyuldan pensiyalar 7 foizga oshirildi. Hozir to‘liq bo‘lmagan ish staji bilan tayinlanadigan yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda oyiga 878 ming so‘mni tashkil etadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda nafaqa miqdorini oshirish yo‘llari haqida yozgandi.