O‘zbekistonning davlat qarzi 48,3 mlrd dollarga yetdi

O‘zbekistonning davlat qarzi 2026-yilning birinchi yarmida yana oshdi. 1-iyul holatiga ko‘ra, mamlakatning jami davlat qarzi $48,31 mlrdni tashkil etgan. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisobotida keltirilgan.
Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan $4,82 mlrd yoki 11 foizga ko‘p. Yil boshidan buyon esa davlat qarzi $1,46 mlrdga oshgan.
Qarzdorlikning asosiy qismi tashqi qarz
Jami davlat qarzining 84 foizi tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri keladi. Uning hajmi $40,71 mlrdni tashkil etmoqda.
Ichki qarz esa $7,6 mlrdga yetgan. U yil davomida 9,2 foizga yoki $642 mln ga oshgan.
Davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbati esa yil boshidagi 31,9 foizdan 27 foizgacha kamaygan. Biroq birinchi chorakdagi 26,3 foizlik ko‘rsatkich bilan solishtirganda, bu ulush biroz oshgan.
Mablag‘lar qaysi sohalarga yo‘naltirilgan
Tashqi qarzning eng katta qismi — $20,53 mlrd budjetni qo‘llab-quvvatlashga sarflangan.
Shuningdek:
- $5,47 mlrd — yoqilg‘i-energetika sohasi;
- $3,72 mlrd — sog‘liqni saqlash, ta’lim va IT;
- $3,37 mlrd — uy-joy va kommunal xo‘jalik;
- $3,34 mlrd — qishloq va suv xo‘jaligi;
- $3,06 mlrd — transport va transport infratuzilmasiga yo‘naltirilgan.
Jahon banki eng yirik kreditor
Tashqi qarz tarkibida xalqaro moliya institutlari $22,48 mlrd bilan eng katta ulushni egallagan.
Ular orasida:
- Jahon banki — $9,12 mlrd,
- Osiyo taraqqiyot banki — $8,17 mlrd,
- Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki — $2,32 mlrd,
- Islom taraqqiyot banki — $1,2 mlrd.
Xorijiy hukumatlarning moliyaviy tashkilotlari oldidagi majburiyatlar $11,45 mlrdni tashkil etadi. Bu yo‘nalishda Xitoy $3,88 mlrd, Yaponiya $3,09 mlrd, Fransiya $1,3 mlrd bilan asosiy kreditorlar qatorida.
Shuningdek, davlat tashqi qarzining $6,77 mlrd yoki 17 foizi investorlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Qarzlarning valyuta tarkibida AQSh dollari ustun: tashqi qarzning 57 foizi yoki $27,44 mlrd dollar hisobida jalb qilingan. Yana $3,89 mlrd yevroda, $2,75 mlrd esa Yaponiya iyenasida olingan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «O‘zbekfilm» «burni»gacha qarzga botgani ma’lum bo‘lgani haqida yozgandi.