«O‘zbekneftgaz» qish oldidan kunlik gaz qazib chiqarishni 2 mln kub metrga oshirdi

eʼlon qilindi
Yangi quduqlar kuniga 1,7 mln kub metr gaz bermoqda
На плато Устюрт обнаружен новый приток газа
Foto: O‘zbekneftgaz

«O‘zbekneftgaz» AJ 1 – 24-avgust kunlari yettita yangi va mukammal ta’mirdan chiqarilgan sakkizta quduqni ishga tushirdi. Natijada kuniga jami qariyb 2 mln kub metr qo‘shimcha tabiiy gaz qazib chiqarish imkoniyati yaratildi. Kompaniya sovuq mavsum boshlanishidan oldin yana bir qator quduqlarni ishga tushirish va ishlab chiqarishdagi avariyalarni kamaytirishni rejalashtirmoqda.

Yangi quduqlar kuniga 1,7 mln kub metr gaz bermoqda

Avgust oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan 11 ta yangi quduqning holati kompaniya rahbariyati ishtirokidagi yig‘ilishda ko‘rib chiqildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

1 – 24-avgust kunlari sakkizta quduqda burg‘ilash ishlari yakunlandi va ulardan yettitasi foydalanishga topshirildi. Natijada kuniga qo‘shimcha 1,7 mln kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish imkoniyati yaratildi.

Bitta quduqda sanoat miqyosida gaz oqimi olinmadi, yana bir quduqni ishga tushirish sentabr boshiga qoldirildi. Uchta quduqda esa burg‘ilash ishlarini belgilangan muddatda yakunlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Ta’mirlangan quduqlardan rejalashtirilganidan 32% ko‘p gaz olindi

Gaz qazib chiqarishni oshirishda mavjud quduqlarni mukammal ta’mirlash ishlari ham natija berdi. 1 – 24-avgust kunlari ishga tushirilishi rejalashtirilgan sakkizta ta’mirlangan quduqning barchasidan sanoat miqyosida gaz oqimi olindi.

Rejada kuniga qo‘shimcha 235 ming kub metr gaz olish ko‘zda tutilgan bo‘lsa, amalda bu ko‘rsatkich 310 ming kub metrga yetdi. Bu rejadan qariyb 32 foiz yuqori.

Shu tariqa yangi va ta’mirlangan quduqlar hisobidan kunlik qo‘shimcha gaz qazib chiqarish hajmi qariyb 2,01 mln kub metrni tashkil etdi.

Avgust oxirigacha yana 11 ta quduq ishga tushiriladi

Kompaniya 21 – 31-avgust kunlari yana 11 ta quduqni ishga tushirishni rejalashtirmoqda.

Ulardan kuniga qo‘shimcha 340 ming kub metr tabiiy gaz olish ko‘zda tutilgan. Quduqlar bilan birga gaz quvurlari, texnologik qurilmalar, kompressor stansiyalari va elektr ta’minoti tizimlarining tayyorligi ham nazorat qilinmoqda.

«O‘zbekneftgaz» rahbariyati burg‘ilash ishlari yakunlangandan keyin gazni tizimga ulashga infratuzilmadagi muammolar xalaqit bermasligi kerakligini ta’kidladi.

Avariyalar sabab ishlab chiqarish kamaygan

Foto: O‘zbekneftgaz

Avgust oyida Gazli va Sho‘rtan neft hamda gaz qazib chiqarish boshqarmalarida avariyaviy holatlar deyarli qayd etilmagan. Biroq boshqa ayrim boshqarmalarda yuz bergan nosozliklar tabiiy gaz, gaz kondensati va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmining kamayishiga sabab bo‘lgan.

«O‘zbekneftgaz» boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov avariyalarni bartaraf etishdan ko‘ra, ularning oldini olish muhimligini ta’kidladi.

Mas’ullarga sovuq ob-havo boshlanishidan oldin profilaktika va ta’mirlash ishlarini yakunlash, sentabr oyida esa avariyaviy holatlar sonini keskin kamaytirish vazifasi qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston gaz sizib chiqishiga qarshi kurash uchun $10,6 mln grant olgani haqida ma’lumot berilgandi.

Shuningdek