Qozog‘istondagi YTHda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning jasadi mamlakatga olib kelindi

22-avgust kuni Qozog‘istonning Qizilo‘rda viloyatida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida halok bo‘lgan uch nafar O‘zbekiston fuqarosining jasadlari mamlakatga olib kelindi. Bu haqda «Dunyo» xabar berdi.
Hodisa Qizilo‘rda viloyatining Birkazan tumanidan o‘tuvchi Qorabutak — Qizilo‘rda — Chimkent avtomobil yo‘lining 1831 – 1836-kilometrlari oralig‘ida yuz bergan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Nexia-2 va KamAZ rusumli avtomobillar to‘qnashgan. Hodisa oqibatida Nexia-2 salonidagi uch nafar O‘zbekiston fuqarosi voqea joyida halok bo‘lgan.
O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqa mas’ul idoralar bilan hamkorlikda ishchi guruh tuzib, marhumlarning jasadlarini mamlakatga olib kelish hamda ularning oila a’zolariga zarur yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rgan.
O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi hamda Migratsiya agentligi ishtirokida zarur hujjatlar rasmiylashtirilgan. Shundan so‘ng uch nafar marhumning jasadi doimiy yashash joyi – Toshkent viloyatining Bekobod shahriga yetkazilgan.
Mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlarning dastlabki taxminiga ko‘ra, YTH haydovchining rul boshqaruvida uxlab qolishi sabab yuz bergan bo‘lishi mumkin. Hodisaning aniq sabablari Qozog‘iston tomoni bilan hamkorlikda o‘rganilmoqda.
Avvalroq Sankt-Peterburgda og‘ir vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosi va uning olti nafar farzandi diplomatik vakolatxona ko‘magida Vatanga qaytarilgandi.