Rossiyalik shaxmatchilarning Samarqandga kelishi taqiqlandi

eʼlon qilindi
Ushbu davlat sportchilariga individual musobaqalarda neytral maqomda qatnashishga ruxsat berilgan
Foto: Chessdom.com

Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti kengashi rossiyalik grossmeysterlarni Samarqandda o‘tkaziladigan Butunjahon shaxmat olimpiadasida ishtirok etishga qo‘ymadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASSga ma’lum qildi.

Musobaqa 15 – 27-sentabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadi. 7-avgust kuni turnir tashkilotchilari ishtirokchilar ro‘yxatini e’lon qilgan, unda Rossiya vakillari bo‘lmagan.

FIDE prezidenti lavozimidagi vakolatlarini vaqtincha to‘xtatgan Arkadiy Dvorkovich masala tashkilot kengashida ko‘rib chiqilishini aytgandi. U o‘zi qarorlar qabul qilish jarayonida endi ishtirok etmasligini bildirgan.

«Bizning terma jamoalarimiz Butunjahon shaxmat olimpiadasida bo‘lmaydi. FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Anand tashabbusi bilan kengash bunday qaror qabul qildi. Yaxshiyamki, shaxmatni siyosatdan ustun qo‘yadigan va o‘z faoliyati haqida qayg‘uradigan odamlar bor. Ammo shaxsiy manfaatlarini ustun qo‘yadiganlar ham bor va hozircha kengashda ular ko‘pchilikni tashkil etadi. Bu safar ular g‘alaba qozondi», – dedi Tkachyov.

Rossiyalik va belaruslik shaxmatchilar FIDEning 2022-yildagi jamoaviy turnirlaridan chetlatilgandi. Shu yilning mart oyida tashkilot ushbu davlatlar sportchilariga individual musobaqalarda neytral maqomda qatnashishga ruxsat bergan.

2025-yilda esa FIDE kengashi Rossiya va Belarusning bolalar-o‘smirlar hamda para-shaxmat terma jamoalarini rasmiy musobaqalarga qaytargan. Shuningdek, Rossiya ayollar terma jamoasining jamoaviy jahon chempionatida ishtirok etishini ma’qullagan. Rossiyalik shaxmatchilar mazkur turnirda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

Ma’lumot uchun, 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi 15 – 27-sentabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkaziladi. Musobaqada 200 ga yaqin terma jamoalar va 4 mingdan ortiq rasmiy vakillar ishtirok etishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari, Xalqaro shaxmat akademiyasi direktori Komiljon Sindarov O‘zbekiston shaxmat olimpiadasining asosiy favoritlaridan biri hisoblanishini aytgandi.

Shuningdek