Shavkat Mirziyoyev AQSh delegatsiyasini qabul qildi

eʼlon qilindi
Kongressmenlar O‘zbekiston prezidenti va xalqini mamlakat mustaqilligining 35 yilligi bilan tabrikladi
Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-avgust kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasining kongressmenlar Jeyson Smit, Greg Merfi, Ronni Jekson va Edvard Keysdan iborat delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv avvalida amerikalik kongressmenlar O‘zbekiston prezidenti va xalqini mamlakat mustaqilligining 35 yilligi bilan tabrikladi.

Tomonlar O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash hamda parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

O‘zaro savdo 20 foizga oshdi

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqot yuqori darajada ekani va o‘zaro tashriflar faollashgani qayd etildi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratildi. Ma’lum qilinishicha, 2026-yil boshidan buyon O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 20 foizga oshgan.

Foto: prezident matbuot xizmati

Shuningdek, energetika, muhim minerallar, transport, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar va sanoat sohalaridagi loyihalarni qamrab oluvchi uch yillik Iqtisodiy hamkorlik dasturi amalga oshirilmoqda.

AQSh shtatlari bilan hamkorlik kengaytiriladi

Muloqotda hududlararo aloqalarni rivojlantirish masalasiga ham e’tibor qaratildi. AQSh delegatsiyasi vakillik qilayotgan Missuri, Shimoliy Karolina, Texas va Gavayi shtatlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik bildirildi.

Tomonlar mintaqaviy hamda xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.

Uchrashuv yakunida ikki mamlakat ishbilarmonlik missiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidenti Donald Tramp va Amerika xalqiga ikkita an’anaviy o‘zbek ayvonini tuhfa qilgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek